Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Bojxona maʼnaviyat markazi haqida
459
Bojxona maʼnaviyat markazi haqida

Mamlakatimiz mustaqilikka erishgach, xalqimizning moddiy va maʼnaviy boyligini asrash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Bu borada bojxona organlari zimmasiga ham masʼuliyatli vazifalar yuklandi. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1996-yil 9-fevralda 227-sonli raqam bilan roʻyxatga olingan “Oʻzbekiston Respublikasi hududidan noyob madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi ustidan nazorat olib borish toʻgʻrisida”gi muvaqqat Yoʻriqnoma asosida bojxona organlari tomonidan noyob madaniy boyliklarning noqonuniy olib oʻtilishiga qarshi keng koʻlamli chora-tadbirlar olib borildi.

Taʼkidlash joizki, ayni shu yoʻnalishda olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida davlat foydasiga musodara qilingan noyob madaniy boyliklarni keng jamoatchilikka namoyish qilish va shu orqali bojxonachilarning sharafli xizmatini eʼtirof etishning eng samarali usullaridan biri bu – muzey tashkil qilish edi.

Ayni shu zarurat turtki boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Bosh bojxona boshqarmasining “Bojxona tarixi muzeyini tashkil qilish toʻgʻrisida” 1996-yil 20-avgustdagi 181-sonli buyrugʻi bilan respublika bojxona xizmati tarixi muzeyi tashkil qilindi. Mazkur muzeyni tashkil qilish boʻyicha asosiy masʼul etib, Toshkent bojxona oʻquv markazi belgilandi.

Ammo, bu muzey faqatgina musodara qilingan noyob madaniy boyliklar yohud turli qurol-aslahalarni namoyish qilish uchun koʻzlanmagan edi. Endilikda u bojxona xizmatining davlat iqtisodiy xavfsizligini muhofaza qilish, ichki bozor va inson huquqlari, salomatligi va maʼnaviyatini himoya etishdagi rolini inobatga olib hamda bojxona xodimlarini vatanparvarlik, oʻz kasbiga chuqur sadoqat ruhida tarbiyalashni bosh maqsad qilib qoʻygan edi.

Davlat bojxona qoʻmitasining “Bojxona muzeyi faoliyatini yanada takomillashtirish haqida” 2001-yil 13-maydagi 178-sonli buyrugʻi bilan Davlat bojxona qoʻmitasining hozirgi binosida “Bojxona tarixi” muzeyi yangidan tashkil qilindi. Mazkur buyruq bilan muzeydagi eksponatlarni roʻyxatdan oʻtkazish va moddiy javobgarlikni oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ayni shu yildan boshlab, “Bojxona tarixi” muzeyi uchun masʼuliyat va javobgarlik DBQning Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boʻlimiga yuklatildi.

Oʻsha paytda muzey hisobidagi turli eksponat, adabiyotlar va materialllar 1200 dan oshar edi. Muzey ekspozitsiyasidan koʻproq xorijiy hamkorlar tomonidan taqdim qilingan esdalik sovgʻalar, albom va kitoblar, kontrabanda va bojxona qoidabuzilishlari davomida musodara qilingan ashyoviy dalillarning mulyajlari, noyob madaniy boyliklarning nusxalari va qurol-aslahalar joy olgan edi.

2008-yil 12-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Muzeylar toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinishi respublikamizda muzeylarning tashkil etilishi va faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishda muhim huquqiy asos vazifasini bajara boshladi. Xususan, qonun muzeylar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va takomillashtirish, ularda saqlanayotgan noyob eksponatlarni asrab-avaylash, oʻrganish va targʻib etishga xizmat qilmoqda.

Bojxona tarixi muzeyi faoliyatini mazkur qonun talablari asosida yoʻlga qoʻyish maqsadida 2009-yil 11-iyulda DBQning “Davlat bojxona qoʻmitasi “Bojxona tarixi” muzeyi faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 184-sonli buyrugʻi tasdiqlandi. Mazkur buyruq Oʻzbekiston bojxonasi tarixi va boy tajribasini davr talablari asosida keng joriy qilish, muzey eksponatlarini yangilash kabi masalalarni oʻzida qamrab olgan edi.

Buyruqqa muvofiq, muzey faoliyatini yangi maʼlumotlar va eksponatlar asosida takomillashtirib borish boʻyicha Muzey Kengashi taʼsis etilib, uning tarkibiga DBQ markaziy apparati bosh boshqarmalari va boshqarmalari boshliqlari kiritildi.

Eng muhim jihatlardan yana bir shundaki, muzey tashkil etilganidan 13 yil oʻtib, ilk bor “Bojxona tarixi” muzeyining Nizomi tasdiqlandi. Nizomda muzeyning asosiy maqsad va vazifalari, muzey tarkibi va uning faoliyat yuritish tartibi, muzey xodimining huquq va majburiyatlari batafsil nazarda tutilgan edi.

Mazkur omillarni inobatga olib, Oʻzbekiston bojxona xizmati faxriylari Uyushmasi noyob yechimni taqdim qildi. Uyushmaning 2013-yil mart oyida Davlat bojxona qoʻmitasi Raisiga yoʻllagan murojaatida “Bojxona tarixi” muzeyi negizida milliy va jahon amaliyotida kuzatilmagan, shakl va mazmun jihatidan butunlay yangi muassasa – “Bojxona maʼnaviyat markazi”ni tashkil qilish taklifi ilgari surildi.

Ayni paytda mazkur markazni tashkil etish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining “Bojxona maʼnaviyat markazi” ham mamlakatimiz bojxonasining shonli tarixi, yaqin oʻtmishi va mustaqillik yillaridagi taraqqiyotidan hikoya qiladi.

26.02.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing