Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan jismoniy shaxslar uchun bojxona qoidalari
221

Hurmatli yoʻlovchilar!

Agar Siz Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan boʻlsangiz, quyidagi bojxona qoidalarini albatta yodda tuting!

Agar Siz respublikamizga xalqaro aeroportlar orqali kirib kelayotgan boʻlsangiz, 2000 AQSH dollari, temir yoʻl va daryo oʻtkazish punktlari orqali kirib kelayotgan boʻlsangiz 1000 AQSH dollari hamda avtomobilda yoki piyoda ravishda kirib kelayotgan boʻlsangiz, 300 AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi tovarlarni bojsiz olib kirishingiz mumkin!

Bunda ularni yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatish talab etilmaydi.

Ammo, ayrim turdagi tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan meʼyorlari mavjud. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasiga alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo – 2 litrgacha, barcha turdagi tamaki mahsulotlari – 10 qutigacha, atir va atirsimon suyuqliklar – 3 donagacha, qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari – 65 gr.gacha olib kirish mumkin.

Unutmang, Oʻzbekiston Respublikasiga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, prekursorlar, portlovchi moddalar va portlatish vositalari, davlat va jamiyat qurilishiga rahna solishga, urush, terrorizm, zoʻravonlik, ekstremizm, pornografiya va boshqalarni targʻib etishga qaratilgan har qanday turdagi materiallarni, shuningdek etil spirti, lazerli nur tarqatgichlar, uchuvchisiz uchish apparatlari pirotexnika maxsulotlari, pul yutugʻi bilan bogʻliq boʻlgan oʻyin avtomatlari, “M2”, “M3” va “N2” toifadagi oldin foydalanuvda boʻlgan avtotransport vositalari, zaharlilik darajasi “Yevro-3” ekologik sinfi talablariga javob bermaydigan, benzin yoki dizel yoqilgʻisida harkatlanadigan yangi avtotransport vositalarini, bundan tashqari energiya samaradorligining “G” va “F” klassiga mansub boʻlgan maishiy elektr priborlarini hamda quvvati 40 vattdan ortiq boʻlgan choʻgʻlanma lampochkalarni chetdan olib kirish taʼqiqlanadi.

Ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular mavjud boʻlgan mahsulotlarni, sanoat maqsadidagi portlovchi materiallarni, alyuminiy kukuni va qurumini, oʻqotar qurol va patronlarni, yovvoyi oʻsimliklar, ularning qismlari, mevalari, urugʻlari va botanika kolleksiyalari, yovvoyi hayvonlar, ularning qismlari, zoologiya kolleksiyalari, hayot faoliyati mahsulotlari, oʻljalar, tulumlari, radioelektron vositalar va yuqori chastotali uskunalar ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilar, diniy adabiyotlar va madaniy boyliklarni olib kirishda vakolatli organlarning tegishli ruxsatnomalari yoki xulosalari talab etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-noyabrdagi “Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni olib oʻtish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” PQ-4508-son qaroriga muvofiq, 2020-yil 1-yanvardan boshlab, respublikamizga kirib kelayotgan jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlardagi tovarlari bojsiz olib kirishning cheklangan meʼyorlaridan ortgan holatlarda bojxona toʻlovlari soddalashtirilgan tartibda undirilishi yoʻlga qoʻyildi.

Yaʼni, bojxona boji, qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi oʻrniga tovarning bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin har bir kilogrami uchun 3 AQSH dollaridan kam boʻlmagan miqdorda yagona bojxona toʻlovi stavkasi joriy qilindi.

Mazkur stavkalar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodidan va kelib chiqish mamlakatidan qatʼi nazar tovarlarning barcha toifalari boʻyicha bojxona qiymatidan kelib chiqqan holda tadbiq qilinadi.

Shuningdek, jismoniy shaxslar tomonidan hayvonot olamiga mansub oziq-ovqat mahsulotlari olib kirilayotganda ushbu tovarlarda ishlab chiqaruvchining oʻrov varagʻi boʻlishi majburiydir.

Yana bir jihat - jismoniy shaxslar tomonidan olib kirishda bojxona toʻlovlariga tortilmaydigan ayrim turdagi tovarlar olib kirish meʼyorlaridan ortgan taqdirda ularga yagona bojxona toʻlovi stavkasi tatbiq etilmaydi.

Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish yuz million soʻm ekvivalentdan ortiq boʻlmagan summada amalga oshiriladi.

Naqd valyutani belgilangan ekvivalentdan ortiq summada olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish hamda Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlanadi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi banklari mustasno.

Agar Siz bojxona qoidalari haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlmasangiz, u holda chegara-bojxona postida xizmat olib borayotgan bojxona xodimlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Jismoniy shaxslar tomonidan ayrim tovarlarni bojxonadan olib oʻtish normalari tasdiqlandi

2018-yilning 22-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga tovarlarni olib oʻtish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 463-son qarori qabul qilindi. Qaror bilan jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyoʻl (yoʻlovchi), temir yoʻl va daryo oʻtkazish punktlari orqali bojxona toʻlovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib oʻtishning miqdoriy normalari tasdiqlangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-oktyabrdagi 828-son qarori bilan ushbu qarorga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi.

Yaʼni, endilikda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyoʻl (yoʻlovchi), temir yoʻl va daryo oʻtkazish punktlari orqali bojxona toʻlovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib oʻtishning davriyligi oʻzgardi.

Roʻyxatdan oʻrin olgan 20 turdagi maishiy texnika buyumlari, ofis texnikalari va boshqa jihozlarni endilikda har 6 oyda chegarani birinchi marotaba kesib oʻtayotganda faqat 1 donadan olib kirish mumkin.

Boshqa turdagi tovarlarni esa 1 kalendar oyda 1 marotaba har bir nomdagi tovardan 2 kg.gacha (boʻlinmaydigan tovarlar bundan mustasno) olib kirishga ruxsat etiladi. Ammo, mazkur tovarlarning umumiy ogʻirligi 10 kg.dan oshmasligi kerak.

Unutmaslik kerak-ki, ushbu tovarlar sirasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3512 son qarori 1-ilovasida keltirilgan tovarlar kirmaydi.

Ushbu ilovada alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo – 2 litrgacha, barcha turdagi tamaki mahsulotlari – 10 qutigacha, atir va atirsimon suyuqliklar – 3 donagacha, qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari – 65 gr.gacha bojxona toʻlovlarisiz olib kirishga ruxsat etilgan.

Olib oʻtilayotgan tovarlar qiymati respublikaga jismoniy shaxslar tomonidan piyoda, avtomobilda, temir yoʻl yoki daryo oʻtkazish punktlari orqali tovarlarni bojxona toʻlovlari undirmasdan olib oʻtishning cheklagan meʼyorlaridan oshmasligi kerak.

Mazkur meʼyorlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3512 son qarorida belgilangan boʻlib, unga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi temir yoʻl va daryo oʻtkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib oʻtganda – 1000 AQSH dollari miqdorida hamda avtomobil yoʻli (piyodalar yoʻli) oʻtkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib oʻtganda – 300 AQSH dollari miqdoridagi tovarlarni bojxona toʻlovlarisiz olib kirishga ruxsat etilgan.

Unutmang, tovarlarni bojxona toʻlovlari toʻlamasdan olib oʻtishning miqdoriy normalari jismoniy shaxs Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasini chegara oʻtkazish punktidan belgilangan davrda birinchi marta oʻtishida qoʻllaniladi. Bunda bojxonachilar chegara xizmatlari organlari tomonidan jismoniy shaxsning pasportiga qoʻyiladigan belgidagi sanaga asoslanishadi.

Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyoʻl (yoʻlovchi), temir yoʻl va daryo oʻtkazish punktlari orqali bojxona toʻlovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib oʻtishning miqdoriy normalari

Tovarlarning nomi

Soni 

Davriylik

1.

Sovutgich 

1 dona

6 kalendar oy

2.

Muzlatgich

1 dona

6 kalendar oy

3.

Konditsioner

1 dona

6 kalendar oy

4.

Kir yuvish mashinasi

1 dona

6 kalendar oy

5.

Chang yutgich 

1 dona

6 kalendar oy

6.

Gaz plitasi

1 dona

6 kalendar oy

7.

Elektr plita

1 dona

6 kalendar oy

8.

Televizor

1 dona

6 kalendar oy

9.

Mikrotoʻlqinli pech

1 dona

6 kalendar oy

10.

Duxovkali pech

1 dona

6 kalendar oy

11.

Elektr goʻsht qiymalagich

1 dona

6 kalendar oy

12.

Dazmol

1 dona

6 kalendar oy

13.

Fen

1 dona

6 kalendar oy

14.

Oshxona kombayni

1 dona

6 kalendar oy

15.

Telefon apparati, shu jumladan qoʻl telefoni

1 dona

6 kalendar oy

16.

Kompyuter texnikasi

1 dona

6 kalendar oy

17.

Printer va koʻp funksiyali ofis qurilmasi

1 dona

6 kalendar oy

18.

Planshet kompyuter

1 dona

6 kalendar oy

19.

Noutbuk

1 dona

6 kalendar oy

20.

Oshxona idishi

1 toʻplam

6 kalendar oy

21.

Boshqa tovarlar

har bir nomdagi tovardan 2 kg (boʻlinmaydigan tovarlar bundan mustasno), ammo umumiy ogʻirlik 10 kg dan oshmasligi kerak

  1 kalendar oy

26.02.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing