Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish va rasmiylashtirish tartibi
172

Deklaratsiya:

jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirishning bojxona toʻlovlari undirilmaydigan cheklangan meʼyorlaridan oshadigan tovarlarga;

jismoniy shaxsning yashash joyi oʻzgarganda (avvalgi yashash joyidan hisobdan chiqarilganligi toʻgʻrisida qayd mavjud boʻlgan holda) uning shaxsiy mol-mulki boʻlgan tovarlarga, bundan avtotransport vositalari mustasno;

Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 158 va 160-moddalarida koʻrsatilgan hollarda, jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlardagi transport vositalariga;

qonun hujjatlariga muvofiq yozma deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan naqd koʻrinishdagi Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasi va valyuta boyliklariga;

jismoniy shaxslar tomonidan respublika hududidan tovarlarni olib chiqishning cheklangan meʼyoridan oshadigan tovarlarga;

qonun hujjatlariga muvofiq tegishli taqiqlar va (yoki) cheklovlar belgilangan tovarlarga toʻldiriladi.

Deklaratsiya 16 yoshga toʻlgan shaxslar tomonidan yuqorida koʻrsatilgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidagi oʻtkazish punktlari orqali Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasini kesib oʻtganda toʻldiriladi.

Bojxona chegarasi orqali harakatlanayotgan shaxs oʻzi erkin ravishda Deklaratsiyani toʻldira olmasa (ruhiy kasal, aqli zaif, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxs va boshqalar), Deklaratsiya uning nomidan ushbu shaxsni kuzatuvchi shaxs tomonidan toʻldiriladi. Bunda Deklaratsiyada koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun Deklaratsiyani toʻldirgan va imzolagan shaxs javobgar boʻladi.

Deklaratsiya bojxona organlarida rasmiylashtirilgan yildan keyingi yildan eʼtiboran uch yil davomida saqlanadi.

Deklaratsiya mazkur “Yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnomaning ilovasiga muvofiq shaklda ikki nusxada toʻldiriladi. Deklaratsiyaning bir nusxasi bojxona organida qoladi, ikkinchi nusxasi esa Deklaratsiyani toʻldirgan shaxsga beriladi. Ushbu Deklaratsiyada koʻrsatilgan maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi, naqd chet el valyutasi, boshqa valyuta boyliklari, har qanday koʻrinishdagi va holatdagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar (bundan buyon matnda qimmatbaho buyumlar deb yuritiladi), tovarlar hamda transport vositasini olib kirish yoki olib chiqish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Deklaratsiya rezidentlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga kirishda va norezidentlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishda bir nusxada toʻldirilishi mumkin. Bunda mazkur Deklaratsiya bojxona organida qoladi.

Deklaratsiya blanklari oʻzbek, rus va ingliz tillarida A-5 formatida tayyorlanadi. Shaxs oʻzi istagan tildagi Deklaratsiya blankini toʻldirishi mumkin.

Deklaratsiyada barcha bandlar toʻldirilishi va barcha savollarga javob berilishi kerak.

Tegishli bandlardagi maʼlumotlar oʻzbek (kirill yoki lotin alifbosida), rus yoki ingliz tillarida qatʼiy belgilangan joylarga ruchka bilan qoʻlda aniq va tushunarli yoki yozuv moslamasi yordamida yoziladi.

Tegishli savollardagi kerakli katakchalarga “X” belgisini chizish yoʻli bilan javob beriladi.

Deklaratsiya quyidagi tarzda toʻldiriladi:

1-bandda shaxs toʻgʻrisida maʼlumotlar (familiyasi, ismi, tugʻilgan sanasi, jinsi, pasportining seriyasi va raqami), doimiy yashash mamlakati, fuqaroligi, birga harakatlanayotgan 16 yoshga toʻlmagan shaxslar mavjudligi va ularning soni koʻrsatiladi;

2-bandda harakat turi (kirish, chiqish) hamda qaysi mamlakatdan kelganligi, qaysi mamlakatga borayotganligi koʻrsatiladi;

3-bandda safar maqsadi koʻrsatiladi (xizmat, oʻqish, ish, sayohat, qarindoshlarni yoʻqlash, davolanish, doimiy yashash joyi, tijorat);

4-bandda bagaj mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlar koʻrsatiladi;

5-bandda qonun hujjatlariga muvofiq yozma deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi, naqd chet el valyutasi, boshqa valyuta boyliklari hamda qimmatbaho buyumlarning mavjudligi va miqdori koʻrsatiladi;

6-bandda tovarlar va transport vositasi toʻgʻrisida maʼlumotlar koʻrsatiladi.

16 yoshga toʻlmagan shaxslarga tegishli boʻlgan va yozma deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi, naqd chet el valyutalari, boshqa valyuta boyliklari, qimmatbaho buyumlar, tovarlar va transport vositasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ular bilan birga harakatlanayotgan ota-onalari, boshqa qarindoshlari yoki ularni kuzatib boruvchi boshqa shaxslarning Deklaratsiyalarida koʻrsatiladi.

Deklaratsiyaning 6-bandida koʻrsatilgan tovarlarni tavsiflash imkon qadar ularning nomi, farqlash xususiyatlari, miqdori hamda ularning AQSH dollaridagi qiymatlarini koʻrsatgan holda amalga oshiriladi.

Qonun hujjatlariga muvofiq yozma deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi, naqd chet el valyutasi, boshqa valyuta boyliklari, qimmatbaho buyumlar, shuningdek tovarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Deklaratsiyaning 5 va 6-bandlaridagi satrlarga sigʻmagan taqdirda, mazkur maʼlumotlar qoʻshimcha Deklaratsiyaning 5 va 6-bandlarida koʻrsatiladi va u asosiy Deklaratsiyaga ilova qilinadi. Bunda qoʻshimcha Deklaratsiyaning 1 — 4-bandlari toʻldirilmaydi.

Deklaratsiyaning 6-bandidagi Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali harakatlanayotgan transport vositasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar transport vositasini boshqarayotgan shaxs tomonidan avtotransport vositasining roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida toʻldiriladi.

Deklaratsiya Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi, naqd chet el valyutasi, boshqa valyuta boyliklari, qimmatbaho buyumlar, tovarlar hamda transport vositasini bojxona nazoratiga taqdim etishga qadar uni toʻldirgan shaxs tomonidan imzolanishi kerak.

Bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish uchun Deklaratsiya bojxona organi xodimi tomonidan unda koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi, naqd chet el valyutasi, boshqa valyuta boyliklari, qimmatbaho buyumlar, tovarlar hamda transport vositasini bojxona nazoratiga taqdim etish bilan bir vaqtda qabul qilinadi.

Deklaratsiyada boʻyab tuzatishlar va oʻchirib yozishlar boʻlmasligi lozim. Notoʻgʻri toʻldirilgan bandlar aniqlangan taqdirda, Deklaratsiyani bojxona nazoratidan oʻtkazgunga qadar shaxs ushbu bandlardagi xato maʼlumotlarni toʻgʻri chiziq bilan oʻchirib, tegishli maʼlumotlarni qoʻlda yozib toʻgʻrilashi mumkin.

Har qanday bunday toʻgʻrilash Deklaratsiyani toʻldirgan shaxsning imzosi hamda bojxona organi xodimining shaxsiy muhri bilan tasdiqlanadi.

Deklaratsiyaning 5 va 6-bandlaridagi yozuvlar (tovarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qismi) bojxona organi xodimi tomonidan biror-bir oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini oldini olish maqsadida uzluksiz chiziq bilan doiraga olinadi hamda yozuv uchun nazarda tutilgan barcha boʻsh joylar esa chizib qoʻyiladi.

Deklaratsiyani bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish bojxona organi xodimi tomonidan Deklaratsiyaning orqa tomoniga shaxsiy muhrini qoʻyish bilan amalga oshiriladi.

Deklaratsiya yoʻqotilgan taqdirda tiklanmaydi.

Deklaratsiya yoʻqotilgan taqdirda shaxs Deklaratsiyani bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazgan bojxona organiga murojaat qilganda, Deklaratsiya nusxasini va unda koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi, naqd chet el valyutasi, boshqa valyuta boyliklari, qimmatbaho buyumlar hamda tovarlarni olib oʻtilganligini tasdiqlovchi maʼlumotni olish huquqiga ega boʻladi.

Asosiy tushunchalar

rezidentlar — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash joyi boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar;

norezidentlar — rezidentlar jumlasiga kirmaydigan shaxslar;

chet el valyutasi — muomalada boʻlgan hamda xorijiy davlatda qonuniy toʻlov vositasi hisoblangan banknotlar, xazina biletlari va tangalar koʻrinishidagi chet el pul belgilari.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 5-avgustda 2606 son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan “Yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnomadan olindi.

26.02.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing