Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan tovarlarni eksport qilish
163

Oʻzbekiston Respublikasidan tovarlarni eksport qilish eksport qiluvchining eksport kontrakti (yaʼni, eksport, eksport-konsignatsiya, markazlashtirilgan eksport, birja va yarmarka eksport shartnomalari) va invoys asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-maydagi 283-son qarori bilan tasdiqlangan “Tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”ga muvofiq, eksport qiluvchilar — yuridik shaxslar, shuningdek, yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar — tovarlar (ishlar va xizmatlar) eksportiga Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari bilan tashqi savdo bitimlari (kontrakt, invoys) tuzgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlaridir.

eksport kontrakti — tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportiga eksport qiluvchi bilan Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti oʻrtasida tuzilgan xoʻjalik shartnomasi, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq eksport kontraktlariga tenglashtirilgan kontraktlardir (barter kontraktlaridan tashqari).

invoys (hisob-faktura) — xalqaro tijorat amaliyotida sotuvchi tomonidan xaridorga taqdim etiladigan tovarlar va xizmatlar roʻyxati, ularning miqdori va xaridorga yetkazib berilgan narxlari, tovarlarning rasmiy xususiyatlari, yetkazib berish shartlari, joʻnatuvchi va oluvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan hujjatdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 29 va 30-moddalariga muvofiq, “Eksport” bojxona rejimi shunday rejimki, bunda Oʻzbekiston tovari uni qaytarib olib kirish majburiyatisiz bojxona hududidan tashqariga olib chiqiladi.
“Eksport” bojxona rejimiga joylashtirilgan va amalda bojxona hududidan olib chiqilgan tovar Oʻzbekiston tovari maqomini yoʻqotadi.

Tovarni “Eksport” bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari bojxona toʻlovlarini toʻlash hamda iqtisodiy siyosat choralariga rioya etishdan iboratdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-iyuldagi “Eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda Davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 197-son qaroriga muvofiq, “Eksport” bojxona rejimida olib chiqiladigan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish uchun bojxona organiga quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:
– bojxona yuk deklaratsiyasi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish yoʻli bilan tovarlarni deklaratsiyalash va elektron tijorat orqali bitta invoys boʻyicha besh ming AQSH dollarigacha boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilish hollari bundan mustasno;

– transport hujjatlari, oʻrov varagʻi bundan mustasno.

Tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisining xohishi boʻyicha bojxona rasmiylashtiruvi uchun barcha zarur hujjatlar, shu jumladan vakolatli organlarning hujjatlari qogʻozda taqdim etilishi mumkin.
Tovarlarning elektron shakldagi bojxona rasmiylashtiruvi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-iyuldagi 605-sonli “Tovarlarni bojxonada elektron shaklda deklaratsiyalash tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori muvofiq amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda davlat bojxona xizmati organlari tomonidan:

ushbu qarorda nazarda tutilmagan;

davlat bojxona xizmati organlari yoki davlatning boshqa organlari va davlat xizmatlari koʻrsatuvchi boshqa tashkilotlar tasarrufidagi qoʻshimcha hujjatlarni talab etish taqiqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-maydagi 283-son qarori bilan tasdiqlangan “Tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”ga muvofiq, eksport qiluvchi tashqi savdo kontraktlari va invoyslar boʻyicha maʼlumotlarni elektron shaklda elektron raqamli imzodan foydalangan holda, Oʻzbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi hududiy boshqarmalarining bojxona postlari xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan TSOYAEATga kiritilgan kontrakt (shu jumladan, invoys) maʼlumotlarini “erkin muomalaga chiqarish (import)”, “eksport” bojxona rejimlaridagi bojxona yuk deklaratsiyasi maʼlumotlari bilan, shuningdek, tijorat banklar tomonidan TSOYAEATga kiritilgan hisob-kitob maʼlumotnomasida koʻrsatilgan valyuta miqdorini toʻlov kafolatlangan tovarlarning eksport qiymatiga nisbatan muvofiqligi yoki ortiqligi bilan solishtiradilar hamda farqlar mavjud boʻlmaganda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtiradilar.

Eksport qiluvchilar qonun hujjatlarida boshqacha nazarda tutilmagan boʻlsa, TSOYAEATga invoyslar toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlar kiritilib, tovarlar (ishlar, xizmatlar) qiymati toʻliq toʻlangandan keyin va eksport qiluvchilarning Oʻzbekiston Respublikasidagi bank hisobraqamlariga mablagʻlar tushgandan soʻng tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) bojxona yuk deklaratsiyasi asosida Internet jahon axborot tarmogʻidagi onlayn doʻkonlar orqali eksport qilishga haqli.

Bunda 5000 (besh ming) AQSH dollarigacha boʻlgan tovarlar elektron tijorat orqali bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirmasdan, pochta xizmatlarini koʻrsatish qoidalariga muvofiq realizatsiya qilinishi mumkin.

26.02.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing