Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Yuridik shaxslar tomonidan avtotransport vositalarni olib kirish tartibi
148

Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari tomonidan avtotransport vositalarni respublikaga vaqtinchalik chetdan olib kirish mumkin emas, xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirish bundan mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari (keyingi oʻrinlarda yuridik shaxslar deb yuritiladi) tomonidan foydalanish uchun chetdan avtotransport vositalari Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelingan taqdirda, ushbu avtotransport vositalari belgilangan tartibda “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilishi lozim.
Yuridik shaxslar tomonidan olib kelingan avtotransport vositalarning bojxona rasmiylashtiruvi faoliyat hududida joylashgan TIF bojxona postida amalga oshiriladi.
Avtotransport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvida davlat bojxona xizmati organlariga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-iyuldagi “Eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 197-sonli qaroriga asosan hujjatlar taqdim etiladi.

Tovar sifatida olib kirilgan avtotransport vositasi “erkin muomalaga chiqarish” yoki “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgandan soʻng, TIF bojxona posti tomonidan Davlat bojxona xizmatining hududiy organi tomonidan DYHXXning hududiy organlariga elektron tarzda taqdim qilinadigan maʼlumotlar (keyingi oʻrinlarda elektron maʼlumotlar deb yuritiladi) DBQning elektron bazasi orqali shakllantiriladi va DYHXXga real vaqt rejimida yuboriladi. Ushbu maʼlumotlarga quyidagilar kiradi:

1. Bojxona organi nomi.
2. BYUD raqami va sanasi.
3. Avtotransport vositasi rasmiylashtirilgan bojxona rejimining nomi.
4. Avtotransport toʻgʻrisida maʼlumot:
turi, rusumi;
ishlab chiqarilgan yili;
kuzov raqami;
dvigatel raqami;
shassi raqami.
5. Avtotransport vositasi egasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar:
jismoniy shaxs uchun — uning familiyasi, ismi, otasining ismi va doimiy yashash manzili, telefon raqami hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjat haqidagi maʼlumotlar;
yuridik shaxs uchun — uning qisqacha nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili), telefon raqami hamda elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa).
6. Avtotransport vositasi vaqtincha olib kirilganda vaqtincha olib kirishning yakuniy muddati.
DYHXXning hududiy organlarida roʻyxatga olinmaydigan avtotransport vositalariga elektron maʼlumotlar yuborilmaydi.
Avtotransport vositasini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga “erkin muomalaga chiqarish” yoki “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimlariga rasmiylashtirgan shaxslar BYUD rasmiylashtirilgan kundan soʻng 10 kun muddat ichida avtotransport vositasini DYHXXning hududiy organlarida roʻyxatdan oʻtkazishlari shart.
Roʻyxatdan oʻtkazishda, avtotransport vositasining turi, rusumi, markasi davlat bojxona xizmatining hududiy organi tomonidan shakllantirilgan elektron maʼlumotlarda qanday bayon etilgan boʻlsa, aynan shu nom bilan qayd etilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasidan tovar sifatida olib chiqilayotgan avtotransport vositasiga elektron maʼlumotlar yuborilmaydi hamda DYHXXning hududiy organlarida roʻyxatdan chiqarish uchun asos BYUD hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-dekabrdagi PQ-1245-sonli qaroriga asosan yangi import avtomobillari bilan chakana savdo faqat yuridik shaxslar - ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshiriladi.

26.02.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing