Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Bojxona ombori faoliyatini litsenziyalash tartiboti
525

Bojxona ombori – maxsus jihozlangan va belgilangan joy boʻlib, binolarning hududini va (yoki) ochiq maydonchalarni oʻz ichiga oladi hamda tovarlarni vaqtincha saqlash va (yoki) bojxona ombori rejimlarida bojxona nazorati ostida saqlashga moʻljallangan.

Bojxona omborida:
Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelish va Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlangan tovarlarni saqlashga ruxsat berilmaydi, bojxona organlari tomonidan olib qoʻyilgan va bojxona organlari tomonidan taʼsis etilgan bojxona omboriga joylashtirilgan tovarlar bundan mustasno;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida aylanishi va sotilishi taqiqlangan tovarlarni saqlashga ruxsat berilmaydi.

Bojxona omborining normal faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun foydalaniladigan tovarlar (masalan, ortish-tushirish texnikasi, sovutish uskunasi, kompyuter texnikasi, maxsus kiyim-bosh va hokazolar) bojxona rejimi ostida joylashtirilmaydi.

Bojxona omborida va unga tutashib ketgan hududda tovarlar bilan ishlab chiqarish operatsiyalari va boshqa tijorat operatsiyalari amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, tegishli bojxona rejimida nazarda tutilgan operatsiyalar bundan mustasno.

Bojxona ombori ochiq yoki yopiq turda boʻlishi mumkin.

Ochiq turdagi bojxona ombori — har qanday shaxslar foydalanishi mumkin boʻlgan bojxona ombori.

Yopiq turdagi bojxona ombori — litsenziatning tovarlarini saqlashga moʻljallangan bojxona ombori, qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno. Yopiq turdagi bojxona omboriga litsenziatning tovarlardan tashqari uning tarkibiy tuzilmalari tovarlari joylashtirilishi mumkin;

Ochiq va yopiq turdagi bojxona omborlaridan saqlashning alohida shart-sharoitlarini talab etuvchi yoki boshqa tovarlarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan tovarlarning ayrim turlarini saqlash uchun foydalanilishi mumkin (ixtisoslashtirilgan bojxona omborlari).

Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari tomonidan taʼsis etiladigan bojxona omborlari ochiq turdagi bojxona omborlari hisoblanadi.

Bojxona omborida saqlanayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi ariza berilgan bojxona rejimlariga muvofiq tegishli bojxona rejimlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bojxona omborida saqlashni nazarda tutmaydigan oʻzgacha bojxona rejimi ostida ariza berilgan tovarlarni bojxona omboridan amalda olib chiqish tanlangan bojxona rejimiga muvofiq bunday tovarlar chiqarilishi paytdan boshlab uch kundan kechikmay amalga oshirilishi kerak.

Bojxona ombori faoliyatini amalga oshirishga litsenziya (keyingi oʻrinlarda litsenziya deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan (keyingi oʻrinlarda litsenziyalovchi organ deb ataladi) ombor hududi, shuningdek, bojxona ombori sifatida foydalanish moʻljallanayotgan ombor va qoʻshimcha xonalar egaligida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxsiga egasi, bojxona ombori hududi va xonasi ushbu Nizom talablari va shartlariga muvofiq boʻlishi sharti bilan beriladi.

Agar bojxona ombori bojxona organi tomonidan taʼsis etilsa, litsenziya olish talab qilinmaydi. Bunday bojxona omborini taʼsis etish va unda tovarlarni saqlash tartibi mazkur Nizomda belgilangan talablar va shartlarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.

Bojxona ombori faoliyatini amalga oshirishga namunaviy (oddiy) litsenziya beriladi.

Litsenziyani yoki u boʻyicha huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.

13.02.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing