Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Statistik maʼlumotlar, uslubiy materiallar va ijtimoiy roliklar
408

Mamlakatimizda ham korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi, shuningdek Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasining tashkil etilishi va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Davlat dasturlariining qabul qilinayotganligi yurtimizda korrupsiya bilan bogʻliq huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan qator chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 27-may kuni imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-5729-son Farmon bu boradagi izchil saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi boʻlib, bundan koʻzlangan asosiy maqsad yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini yanada oshirish, eng yuqori darajadagi qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imijini oshirish va mustahkamlashga qaratilgan.

Mazkur Farmon bilan 2019-2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi qabul qilinib, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasining yangilangan tarkibi tasdiqlandi.

Farmon ijrosi doirasida Davlat bojxona qoʻmitasida Raisning birinchi oʻrinbosari rahbarligida va hududiy boshqarmalarda esa bevosita boshqarma boshligʻi rahbarligida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha komissiyalar tashkil etildi.

Komissiya zimmasiga bir qator topshiriq va vazifalar belgilab berildi. Xususan,

- korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat va idoraviy dasturlarning bajarilishini taʼminlash;

- bojxona xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, tizimda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etish;

- bojxona sohasidagi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, aniqlash va chek qoʻyishga, ularning oqibatlarini, imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligini oshirilishini taʼminlash;

- tizimda korrupsiyaning holati va tendensiyalari toʻgʻrisidagi axborotlarni yigʻish hamda tahlil etish;

- bojxona sohasidagi korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun va qonunosti hujjatlarini takomillashtirish va ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash yuzasidan takliflar tayyorlash;

- har chorakda DBQ komissiyasining yigʻilishlarini oʻtkazish, yigʻilishda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida korrupsiyaning holati, oʻsish surʼatlari hamda tendensiyalarini, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan davlat siyosatining samaradorligini sohalar va yoʻnalishlar kesimida oʻrganish va tanqidiy baholash vazifalarini amalga oshirish yuklatildi.

“2019–2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi” ijrosi yuzasidan Davlat bojxona qoʻmitasining 36 banddan iborat “2019-2020-yillarga moʻljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi” ishlab chiqildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan Davlat bojxona qoʻmitasi oʻrtasida faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, oʻzaro imzolangan “Davlat bojxona qoʻmitasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” asosida jadal ravishda olib borilmoqda.

Ushbu “Yoʻl xaritasi”da

- sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy qilish hamda bojxona protseduralarini raqamlashtirish hisobiga bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirish va mavjud byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish;

- korrupsiya bilan bogʻliq har qanday holatlarni boshlanish bosqichini oʻzida aniqlash va ularga sharoit yaratuvchi omillarni bartaraf etish;

- korrupsiyaga qarshi qaratilgan profilaktika-targʻibot tadbirlarini yanada kuchaytirish hamda muvofiqlik tizimini takomillashtirish;

- bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida inson omilini qisqartirish;

- korrupsiyaga qarshi kurashish va oʻz xavfsizlik - “compliance control” tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Keng jamoatchilik vakillari, jurnalistlar, blogerlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va talabalar ishtirokida oʻtkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” doirasida Davlat bojxona qoʻmitasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi oʻrtasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida”gi Memorandum imzolandi.

Soʻnggi 3 yilda bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish hamda sohani tubdan isloh qilishga qaratilgan 100 dan ortiq meʼyoriy-huquqiy xujjatlar qabul qilingan.

Rasmiylashtiruv jarayonidagi hujjatlar salmogʻi qisqartirilib, ilgari har bir rasmiylashtiruvda taqdim etilishi shart boʻlgan 10 dan ortiq ruxsatnoma hujjatlari va TIF TN kodi boʻyicha ekspertiza xulosasini taqdim etish kabi talablar, ayrim tovarlarning eksport jarayonida kontraktlarni hisobga qoʻyish shartlari bekor qilindi.

Sohaga ilgʻor va innovatsion texnologiyalarni joriy qilinishi hisobiga bojxona yuk deklaratsiyalarini avtomatik roʻyxatga olish va avtomatik taqsimlash joriy etildi. Natijada, ilgari ushbu jarayonga 2-3 soat vaqt sarflangan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich 1-2 daqiqani tashkil qilmoqda.

Kelgusida tizimda korrupsiya va boshqa salbiy illatlarni bartaraf etish borasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan uzviy hamkorlikda aniq maqsadga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlar yanada kuchaytiriladi.

Shuningdek, bojxona organlarida “komplayens-nazorat” tizimini qoʻllashda xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasidan keng foydalanishga, tizimda korrupsiyani keltirib chiqarish xatarlari mavjud boʻlgan sohalarni aniqlashga qaratilgan ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazishga ham eʼtibor qaratiladi.

Xavf darajasi past boʻlgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini bosqichma-bosqich inson omilini aralashtirmagan holda avtomatik rasmiylashtirishni joriy etish ham oldindagi muhim rejalardan biri hisoblanadi.

10.07.2019

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing