Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Kengashning maqsad va vazifalari
750

Davlat bojxona xizmati organlari huzuridagi jamoatchilik kengashi

Bojxona organlari huzuridagi jamoatchilik kengashi oʻz ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi.

Jamoatchilik kengashi Davlat bojxona qoʻmitasi markaziy apparati huzurida tashkil etiladi va uning faoliyati DBQning barcha hududiy va tarkibiy tuzilmalariga tatbiq etiladi.

Jamoatchilik kengashi DBQ Raisining buyrugʻi bilan tashkil etiladi va uning qarorlari tavsiyaviy xususiyatga ega.

Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari:

qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek, davlat, tarmoq va hududiy rivojlantirish dasturlarida jamoatchilik manfaatlari va jamoatchilik fikri hisobga olinishi, fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasida qonun hujjatlari talablari ijrosini taʼminlash, Davlat bojxona xizmati organlari zimmasiga yuklangan hamda ijtimoiy va jamoatchilikmanfaatlariga daxl qiluvchi vazifalar va funksiyalarni bajarish, davlatxizmatlarini koʻrsatish, ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladiganbitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni roʻyobga chiqarish boʻyichabojxona organlari va uning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidanjamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

birgalikda muloqot qilish, bojxona organlarining nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini taʼminlash uchun bojxona organlari fuqarolar bilan bogʻlab turadigan “koʻprik” rolini bajarish;

fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan bojxona organlari faoliyati haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, sotsiologik soʻrovlar oʻtkazish, jumladan ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkazish;

bojxona organlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha olib borilgan ishlar ustidan monitoring va tahlil oʻtkazish, shuningdek, ularning natijalari boʻyicha takliflar tayyorlash;

bojxona organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni monitoring qilish, uning faoliyati toʻgʻrisida batafsil axborot olish imkoniyatlarini tahlil qilish, ularni yanada kengaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

bojxona organlari faoliyatini isloh qilishda fukarolar ishtirok etishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni oʻrganish va ularni yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

bojxona organlari faoliyati boʻyicha fuqarolar oʻrtasida oʻtkaziladigan tushuntirish ishlari va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda ishtirok etish, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

bojxona organlari xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy- maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam
koʻrsatish sharoitlarini, shuningdek, ishdan boʻshatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish boʻyicha muammolarni kompleks tahlil qilish hamda tahlil yakunlari boʻyicha mazkur sharoitlarni yaxshilash yuzasidan takliflar kiritish.

Jamoatchilik kengashi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:

bojxona organlarining faoliyatiga doir masalalar yuzasidan fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining tashabbuslari hamda murojaatlarini koʻrib chiqishda ishtirok etadi, shuningdek, ularni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha bojxona organlariga tegishli takliflar kiritadi;

bojxona organlarining fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan oʻzaro hamkorligini tahlil qiladi, shuningdek, hamkorlikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

bojxona organlari faoliyatiga taalluqli uning normativ-huquqiy hujjatlari va qarorlarini takomillashtirish, ulardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi, shuningdek, kiritilgan takliflarni mazkur bojxona organlari xodimlari oʻrtasida muhokama qilishga bagʻishlangan tadbirlarni tashkil etishda qatnashadi;

davlat dasturlari loyihalarini, tadbirlar rejalarini va bojxona organlari faoliyatiga taalluqli, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi boshqa hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, qabul qilingan dasturlarni amalga oshirishda vakolatlari doirasida ishtirok etadi, bajarilgan ishlarning samaradorligini tahlil qiladi, shuningdek, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;

bojxona organlari rahbarlari va xodimlarining fuqarolar bilan uchrashuvlarini, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq ishlarni tashkil etishda, shu jumladan joylarga borib tashkil etishda qatnashadi, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring oʻtkazadi;

bojxona organlari xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam koʻrsatish sharoitlarini yaxshilashda, shuningdek, ishdan boʻshatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish muammolarini hal etishda koʻmaklashadi;

xodimlar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish masalalari boʻyicha davlat organi xodimlari oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etadi;

bojxona organlarining barcha tarkibiy tuzilmalarida sogʻlom ishchanlik muhitini rivojlantirish, qonuniylikni, yuksak huquqiy madaniyat va axloqiylikni taʼminlash, xodimlarda Vatanga sodiqlik ruhini va qonunlarga boʻlgan hurmatni kuchaytirish, ularni ijtimoiy, siyosiy, ruhiy va maʼnaviy-maʼrifiy kamol toptirish, shuningdek, mazkur sohadagi ilmiy-maʼrifiy va oʻquv adabiyotlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

mamlakatda va xorijda keng jamoatchilikni bojxona organlari faoliyatini isloh qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida muntazam ravishda xabardor qilishni taʼminlaydi hamda mavjud muammolarni hal qilish va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

bojxona organlari faoliyatiga bagʻishlangan ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlarini tashkil etishda ishtirok etadi;

bojxona organlari faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish boʻyicha bajarilayotgan ishlarning natijalarini tahlil qiladi, ularning samaradorligini oshirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda fuqarolar bilan hamkorlik qiladi.

Jamoatchilik kengashi zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun:

bojxona organlari tomonidan tashkil etiladigan boʻlajak ochiq hayʼat majlislari va boshqa ommaviy tadbirlar toʻgʻrisidagi axborotni oldindan olish hamda mazkur tadbirlarda ishtirok etish;

bojxona organlarining barcha tarkibiy tuzilmalari binolari (xonalari) va boshqa obyektlarini bojxona organlari tomonidan belgilangan tartibda borib koʻrish;

bojxona organlarining barcha tarkibiy tuzilmalari rahbarlariga jamoatchilik kengashi vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;

bojxona organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun zarur boʻlgan bojxona organlarining axborotlari, statistika va boshqa materiallarini belgilangan tartibda olish;

bojxona organlarining qonun ijodkorligi faoliyatida, bojxona organlari tomonidan ishlab chiqilgan normativ-hukuqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik va ekspertlar muhokamasini taʼminlashda ishtirok etish;

jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga bojxona organlari tomonidan berilgan javoblarning sifatini tanlab olgan holda tahlil qilish;

bojxona organlari xodimlarining roziligi bilan ularning uy-joy, ijtimoiy-maishiy va xizmat shart-sharoitlari bilan tanishish;

jamoatchilik kengashi majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish boʻyicha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;

yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun konferensiyalar, forumlar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish huquqiga ega.

Jamoatchilik kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa hukuqlarga ham ega boʻlishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona organlari
huzuridagi jamoatchilik kengashi

TARKIBI

1.

D.Qudriddinov

 

Jamoatchilik kengashining raisi,

Oʻzbekiston bojxona xizmati faxriylari
Uyushmasi aʼzosi

Telefon:78-120-76-00 (ichki:50-06)
Pochta manzili: bojxona@umail.uz

2.

I.Ochilov

Jamoatchilik kengashi raisining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Faxriylar markazi kengashi aʼzosi

                          Jamoatchilik kengashi aʼzolari

3.

B.Jumayev

Oʻzbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi Bosh yuriskonsulti

4.

S.Alimbayev

Oʻzbekiston bojxona xizmati faxriylari
Uyushmasi aʼzosi

5.

S.Aripov

Oʻzbekiston bojxona xizmati faxriylari
Uyushmasi aʼzosi

6.

 

7.

B.Tursunov

 

H.Azizov

 

Oʻzbekiston bojxona xizmati faxriylari
Uyushmasi aʼzosi

Oʻzbekiston bojxona xizmati faxriylari
Uyushmasi aʼzosi

                        Jamoatchilik kengashining kotibi

8.

A.Temirov

Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi apparati Ishlar boshqarmasi boshligʻi

Izoh:Jamoatchilik kengashining raisi, jamoatchilik kengashi raisining oʻrinbosari va qolgan aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, kengash tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan Jamoatchilik kengashiga qoʻshimcha mutaxassislar jalb etilishi mumkin.

23.02.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing