Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Gilamdo‘zning giyohi “shifo” bo‘la olmadi
321
So‘ngi vaqtlarda mamlakatimizning bojxona sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlariga xizmat qilmoqda. Isloh qilingan tartiblarni avvalgisi bilan taqqoslar ekansiz, bojxona to‘lovlari undirilmaydigan me’yorlar doirasida olib kirilayotgan tovarlarning miqdori ilgarigidan ancha yuqori ekanligini ko‘rish mumkin.

Masalan, amaldagi tartiblar o‘rnatilgunga qadar jismoniy shaxslar qo‘shni mamlakatlar orqali 10 AQSH dollari miqdoridagi tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz olib kira olgan bo‘lishsa, hozirda avtomobil hamda piyodalar yo‘li o‘tkazish punktlari orqali – 300 AQSH dollari miqdoridagi tovarlarni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan olib o‘tishlari mumkin.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Ayritom” chegara bojxona kompleksi orqali O‘zbekistonga qarab yo‘l olgan 32 yoshli Afg‘oniston Islom Respublikasi fuqarosi ham yonida mavjud bo‘lgan valyuta qimmatliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etdi. Bojxona inspektori bilan og‘zaki muloqot davomida ushbu shaxs yonida deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan boshqa predmetlar hamda mamlakatimizga kiritilishi taqiqlangan ashyolar yo‘qligini bildirdi. Ammo, nazorat-rentgen tekshiruvidan o‘tkazilgan yuklarning tasvirlari yo‘lovchining bu gaplarini tasdiqlamadi.

Shubhali ko‘ringan bagaj bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, uning ichidan 46,83 gr giyohvandlik vositasi turkumiga kiruvchi ko‘knor o‘simligining maydalangan va quritilgan holatdagi boshoqlari topildi.

- Men Mozori Sharifda gilamdo‘zlik bilan shug‘ullanaman. Samarqanddagi do‘stim “Jalil”ning (maqoladagi ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘pkasi shamollab, qattiq yo‘talayotgani uchun shifo bo‘lar degan niyatda olib kelayotgandim. Ushbu “dori”ni Mozori Sharifdagi giyohlarni qo‘l bola tayyorlovchi tabibdan 30 afg‘oniyga do‘stim “Jalil” uchun sotib olganman. Bu “giyoh” Afg‘oniston bozorlarida ochiq sotiladi, ularni olishga xech qanday taqiq yo‘q. - deydi huquqbuzar o‘z tushuntirishida.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasidan giyohvandlik vositalarini olib o‘tish taqiqlanganligini bilgan, biroq inson organizmiga ta’sir kuchi o‘ta yuqori va barcha sintetik giyohvandlik vositalarining tayyorlanishida asos bo‘lib xizmat qiluvchi ko‘knor o‘simligi giyohvand moddalar turkumiga kiritilganligidan, qarang-ki, xabari yo‘q emish.

Ammo, qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi. Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 12 noyabrdagi “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida”gi 330-sonli Qarorining 4-ilovasida O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi taqiqlangan giyohvandlik vositalarining ro‘yxati keltirilgan. Ushbu ro‘yxatda ko‘knor (makovaya soloma) giyohvandlik vositasi ham bor. 
 

Surxondaryo viloyati

bojxona boshqarmasi

Axborot xizmati

6.03.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing