Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Samarqand: Tadbirkorlar bilan sayyor uchrashuvlar
1296
Ma’lumki, yurtboshimiz tomonidan 2018 yil “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi.

Bugungi kunda respublikamizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uni yanada rivojlantirish borasida barcha zarur huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilingan, o‘z o‘rnida mamlakatimiz Prezidenti farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlariasosida tadbirkorlarga yaratilgan imtiyozlar mohiyatini aholining keng qatlamiga, ayniqsa kichik biznes vakillari va xususiy tadbirkorlar, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga yetkazish, tushuntirish ishlarini olib borish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari G‘.Shukurov va Bojxona statistikasi va tahlil markazi boshlig‘i A.Sagitov Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i E.Salixov bilan birgalikda yangi loyiha va takliflarni, mavjud muammo va kamchiliklarni o‘rganish maqsadida o‘ndan ziyod korxona va tashkilotlarga borib sayyor tashriflar uyushtirildi.

O‘tkazilgan har bir uchrashuv ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi, unda xususiy tadbikorlar va kichik biznes vakillarining bojxona xizmati bilan hamkorligi masalalari joyida birgalikda tahlil etildi, qator masalalarda o‘zaro fikr almashildi.

Xususan, “Sharq Sanoati” konserni tarkibiga kiruvchi “tekstil mahsulotlari” ishlab chiqaruvchi “ZARAFSHON TEKSTIL” MCHJ korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Tashkilot tomonidan 2017 yil davomida turli-xil tayyor tekstil mahsulotlari eksport qilingan.

Uchrashuvda konsern bosh direktori M.Marupov tomonidan import qilinayotgan tovarlarga muvofiqlik sertifikati tovarlar“erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgandan so‘ng olinishi bo‘yicha takliflar kiritildi.

Shundan so‘ng navbatdagi tashrif “AGRO-BRAVO” MCHJ korxonasiga uyushtirildi, “sut va sut mahsulotlari”ni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan ushbu tashkilot ham 2017 yil davomida o‘z mahsulotlarini qo‘shni davlatlarga eksport qilgan.

Tadbirkor korxona tomonidan “quritilgan sut” maxsulotlarini xorijiy hamkorlari tomonidan oldindan haq to‘lamasdan eksport qilish to‘g‘risidagi murojaatiga hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 noyabrdagi PQ3351-sonli qaroriga asosan oldindan haq to‘lamasdan olib chiqish mumkinligi hamda valyuta tushumi tovarlar eksport qilingandan so‘ng 120 kun muddat ichida kelib tushishi lozimligi to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.

Keyingi tashrif Urgut shahrida joylashgan “URGAZ CARPET” MCHJ korxonasiga uyushtirildi. Ushbu korxona “gilam, gilam mahsulotlari, sun’iy gazonlar” ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, bugungi kunda korxonaning ham zamonaviy ham milliy dizaynga ega gilam mahsulotlari xaridorgir hisoblanib, korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nafaqat ichki balki tashqi bozorda ham o‘z haridorlariga ega bo‘lgan.Ushbu korxona direktori I. Xakimov tomonidan bojxona rasmiylashtiruvi yuzasidan muammolar yo‘qligi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoyalash maqsadida, ishlab chiqarish korxonalari tomonidan import qilinayotgan xom ashyolarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini pasaytirish, tayyor gilam mahsulotlariga import bojxona boj stavkalarini oshirish to‘g‘risida takliflar berdi.

Ikki kun davomida tashkil etilgan sayyor tashriflar davomida “8MART” MCHJ korxonasi,“AFROSIYOB JEANS” MCHJ qo‘shma korxonasi, “ASIA FIBER” MCHJ korxonasi, “KAMALAK TEKSTIL” MCHJ qo‘shma korxonasi, “SAM NEGIN” MCHJ korxonasi hamda “NUR SAM QUR” MCHJ korxonalariga ham tashrif buyurildi. Tashkilot mutasaddilari tomonidan bojxona rasmiylashtiruvi yuzasidan muammolar yo‘qligi, bojxona protseduralari o‘z vaqtida va tezkorlik bilan sansalorlikka yo‘l qo‘yilmagan holda amalga oshirilayotganito‘g‘risida ijobiy fikrlar bildirildi.

Urgut tumanida joylashgan “Urgut erkin iqtisodiy zona”siga xizmat ko‘rsatuvchi “Samarqand” TIF bojxona postining “Urgut bojxona punkti”da olib borilayotgan xizmat faoliyati bilan ham tanishildi. “Urgut erkin iqtisodiy zona” Direksiya rahbari J.Haydarovbilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda import masalari, respublikamizga ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida olib kirilayotgan texnologik asbob-uskuna va jihozlarga nisbatan bojxona to‘lovlaridan imtiyozlarini qo‘llash tartibi, bojxona sohasida joriy qilingan elektron xizmatlarning qulaylik va afzalliklari, yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijga eksport qilish tartibi, bojxona sohasida qabul qilingan so‘nggi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

Bundan tashqari, uchrashuvlar davomida Samarqand viloyati “Samarqand aeroport” chegara bojxona postida joriy etilgan ikki yo‘lakli tizim asosida bojxona nazoratini amalga oshirish jarayonida olib borilayotgan xizmat faoliyati bilan ham tanishildi.

Turli rasmiyatchiliklardan xoli tarzda uyushtirilgan sayyor uchrashuvlar, davomli ma’ruza va hisobotlarsiz tashkil etilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Tadbirkorlik faoliyatiga qulaylik yaratish uchun zamin bo‘lishi mumkin bo‘lgan ko‘plab tahliliy takliflar hozirda bojxona organlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Samarqand viloyati

bojxona boshqarmasi

Axborot xizmati

24.01.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing