Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Ona tilimizni eʼzozlaylik
756
Til – millatning shaʼni, iftixori. Qadim-qadimdan ne-ne ajdodlarimiz eʼzozlab, ehtirom koʻrsatib kelgan ona tilimizning qadriga yetishni har birimiz oʻzimizning masʼuliyatli burchimiz deb bilishimiz kerak. Har yili 21-oktyabrda oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilgan kun bayram sifatida nishonlanadi.

Barcha tashkilotlarda, har bir tizimda endi hujjatlar davlat tilida yuritiladi. Bunday ishlar Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan ham amalga oshirilayotir. Bundan tashqari, davlat chegaralaridagi, aeroportlardagi, temir yoʻllari shohbekatlaridagi postlarda xizmat qilayotgan hamkasblarimiz fuqarolar bilan muloqotda boʻlganlarida sof oʻzbek tilida muomala qilishmoqda.

Keyingi paytda Oʻzbekiston fuqaroligiga ega boʻlayotgan har bir fuqaro millatidan qatʼi nazar davlat tilini bilishi shart ekanligi matbuotda va televideniye hamda radio orqali maʼlum qilindi. Qoʻyilgan bu talab juda oʻrinli. Chunki boshqa millat vakillarining ham oʻzbek tilini oʻrganib, erkin soʻzlay olishlari tilimizga boʻlgan hurmatni yuksaltiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan millatlar tashkilotining Bosh assambleyasi 75-yubiley sessiyasidagi chiqishi, yuksak minbardan turib ona tilimizda maʼruza qilishi barchamizning qalbimizni gʻururga toʻldirdi.

Vatanimiz tarixida bunday yuksak minbarda oʻzbek tili – “Navoiy tili” hech qachon yangramagan edi. Yangi Oʻzbekiston rahbarining eng nufuzli xalqaro anjumanda oʻzbek tilida maʼruza qilishi ona tilimizga davlat tili maqomi berilganining 31 yilligiga munosib tuhfa boʻlibgina qolmay, tilimizga davlat darajasiga eʼtibor qaratilayotganining dalolati boʻldi.

Bu voqeani butun dunyoda yashayotgan millatdoshlarimiz ham bizlar kabi katta mamnunlik bilan olqishladilar. Dunyoning matbuot nashrlarida ham Yurtboshimizning dadil qadami alohida eʼtirof etildi.

Mahmud Qoshgʻariylar, Navoiylar, Boburlar faxrlanib soʻzlagan ona tilimizning mavqei dunyo miqyosida jarangdor boʻlishi uchun har birimiz masʼulmiz.

16.11.2020

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing