Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
“YouTube” internet tarmogʻida tarqatilgan videolavha boʻyicha Davlat bojxona qoʻmitasining munosabati
660
Joriy yilning 10-iyul kuni “YouTube” internet tarmogʻida fuqaro A.R. tomonidan Navoiy viloyati bojxona boshqarmasining “Navoiy aeroporti” bojxona posti faoliyati bilan bogʻliq tarqatilgan videolavha yuzasidan Davlat bojxona qoʻmitasi quyidagilarni maʼlum qiladi.

Navoiy viloyatida faoliyat koʻrsatuvchi “Fight Night Express” MCHJ kuryerlik firmasi nomiga 2021-yil 3-iyul kuni Turkiya davlatidan olib kelingan, 1 460 kg ogʻirlikdagi, qiymati 5 794 AQSH dollarini tashkil etuvchi kuryerlik joʻnatmalari 8-iyul kuni Navoiy viloyati bojxona boshqarmasining “Navoiy aeroporti” bojxona postiga ushbu firma rahbari A.Sh. tomonidan bojxona rasmiylashtiruvi uchun taqdim etilgan.

Taqdim etilgan deklaratsiyada, ushbu 1 460 kg vazndagi kuryerlik joʻnatmalari 64 ta fuqaro nomiga oʻz ehtiyojlari uchun yuborilgan shaxsiy buyumlar sifatida koʻrsatilgan.

Mazkur kuryerlik joʻnatmalari shu kunning oʻzida belgilangan tartibda bojxona nazoratidan oʻtkazilganda, bojxona xodimlari tomonidan joʻnatmalar orasida tijorat maqsadi uchun moʻljallangan tovarlar mavjudligi aniqlangan hamda toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlari hisoblanib, joʻnatmalar vaqtincha saqlovga olingan.

8-iyul kuni kechki soat 21-00 lar chamasida “Fight Night Express” MCHJ kuryerlik firmasi rahbari A.Sh. boshchiligida toʻrt nafar fuqarolar “Navoiy” xalqaro aeroporti yuk terminali binosiga kelib, tungi navbatchilikni oʻtayotgan bojxona xodimlarini turli haqoratomuz soʻzlar bilan haqorat qilishgan va goʻyoki xodimlarni xizmat vaqtida spirtli ichimliklar isteʼmol qilishda ayblagan.

Ushbu jarayon, “Fight Night Express” MCHJ kuryerlik firmasi rahbari A.Sh.ning onasi A.R. tomonidan videotasvirga olingan.

Bojxona xodimlari tomonidan ularga qonuniy tushuntirishlar berilganligiga qaramasdan, aslida tijorat yuki deb topilgan va bojxona toʻlovlari toʻlanmagan tovarlarni “shaxsiy ehtiyojlar uchun olib kelingan” degan vaj bilan qaytarib berilishi talab qilingan.

Mazkur holatda post boshligʻi ham voqea joyiga yetib kelib, fuqarolarga yuzaga kelgan vaziyat boʻyicha qonuniy tushuntirishlar bergan.

Ushbu fuqarolar tomonidan respublikamizga olib kirilgan tovarlar boʻyicha bojxona organlarida mavjud maʼlumotlar tahlil qilinganida, joriy yilning 6 oyi davomida fuqaro A.R. nomiga 28 ta partiyada 936 kg ayollar va bolalar kiyim-kechaklari, fuqaro M.A. nomiga 20 ta partiyada 824 kg ayollar poyabzali, uy-roʻzgʻor buyumlari hamda fuqaro A.Sh. nomiga 17 ta partiyada 663 kg vazndagi bolalar kiyim-kechaklari va uy-roʻzgʻor buyumlari kelganligi maʼlum boʻldi. Koʻrinib turibdiki, ushbu shaxslar nomiga muttasil ravishda xorijdan kuryerlik joʻnatmalari yuborilgan. Bu esa joʻnatmalardagi tovarlar shaxsiy ehtiyoj uchun emas balki, tijorat maqsadi uchun moʻljallanganligini anglatadi.

Holat yuzasidan qoʻshimcha ravishda olib borilgan oʻrganishlar natijasida, “Fight Night Express” MCHJ kuryerlik firmasi vakillaridan iborat guruh tomonidan Navoiy shahrida faoliyat koʻrsatuvchi “Sevarabonu” MCHJda ishlayotgan, ilgari ishlagan va ishlash uchun murojaat qilgan fuqarolarning pasport maʼlumotlari aldov yoʻli bilan qoʻlga kiritilib, ulardan noqonuniy ravishda foydalanilgan holda tijorat maqsadiga moʻljallangan tovarlarni 26,6 mln. soʻmlik bojxona toʻlovlarini toʻlamaslik uchun shaxsiy extiyoj uchun moʻljallangan kuryerlik joʻnatmasi niqobi ostida rasmiylashtirishga boʻlgan urinishlari fosh etildi.

Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq notijorat maqsadlarda shaxsiy ehtiyojlar uchun moʻljallangan, qiymati 1 000 (bir ming) AQSH dollari miqdoridagi kuryerlik joʻnatmalarini bir kalendar chorak davomida bojxona toʻlovlari toʻlamasdan respublikaga olib kelish imkoniyati yaratilgan. Biroq, ayrim shaxslar tomonidan yaratib berilgan bu kabi imkoniyatlardan oʻz shaxsiy manfaatlari yoʻlida foydalanish holatlari uchramoqda.

Xususan, Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan yuqoridagi kabi qonunbuzarliklarni fosh etilishi natijasida 2020-yilda davlat byudjetiga 9 mlrd. soʻmdan ortiq, joriy yilning oʻtgan davrida esa 7 mlrd. soʻmdan ortiq bojxona toʻlovlari undirilgan boʻlsa, tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy olib oʻtishga urinishlar bilan bogʻliq 2 ta holatda jinoiy, 217 ta holatda maʼmuriy ish materiallari yuritilib, 3 mlrd. soʻmdan ortiq tovarlar davlat daromadiga oʻtkazilgan.

Yuqoridagi holatda ham “Fight Night Express” MCHJ kuryerlik firmasi vakillari belgilangan bojxona toʻlovlarini toʻlamaslik maqsadida oʻzgalarning shaxsiy maʼlumotlaridan noqonuniy foydalangan holda aslida tijorat uchun moʻljallangan tovarlarni notijorat niqobi ostida olib oʻtish hamda bojxona organlari xodimlarini haqorat qilish, ularni obroʻsiga putur yetkazish va qonuniy talablariga boʻysunmaslik kabi qonunga zid harakatlarni amalga oshirganlar.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan ushbu holatga aloqador shaxslarning xatti-harakatlariga nisbatan qonuniy chora koʻrish yuzasidan protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Davlat bojxona qoʻmitasi bojxona organlari faoliyatiga doir xolis va haqqoniy xabarlarni eʼlon qilishda ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik vakillari bilan oʻzaro hamkorlikka doimo tayyor ekanligini maʼlum qiladi.

11.07.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing