Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Joriy yilda salkam 756 mln. dollarlik metallurgiya sanoati mahsulotlari eksporti amalga oshirildi
608
Metallurgiya sanoat ishlab chiqarishda yetakchi hisoblangan davlatlarda iqtisodiyotning hal qiluvchi tarmogʻi hisoblanadi.

Aynan metallurgiya boshqa sohalarga ham global bozorda ustuvorlik qilishga, xususan sifatli prokat ishlab chiqarishga koʻmaklashadi.

Soʻnggi yillarda respublikamizda metallurgiya sanoati tobora rivojlanib bormoqda. Sohaga yangi va ilgʻor innovatsion yondashuvlar asosida xorijiy investitsiyalar keng qoʻllanilmoqda.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda joriy yilning yanvar-iyun oylarida 755,9 mln. AQSH dollarlik 191,4 ming tonna metallurgiya sanoati mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.

Toshkent metallurgiya zavodi mamlakatimizdagi texnik va texnologik jihatdan xalqaro miqyosdagi yirik majmualar qatoriga kiradi. Bu yerda Italiya, Germaniya, Rossiya, Avstriya, Shveysariya, Janubiy Koreya kabi 27 ta mamlakatdan asbob-uskunalar keltirib oʻrnatilgan. Ishlab chiqarish, nazorat qilish va boshqarish jarayonlari avtomatlashtirilgan. Zavodda 650 dan ortiq xodimlar mehnat qiladi.

Eng muhimi, zavodda “yashil” texnologiyalar qoʻllangan. Chiqindilarni qisqartirib, qatʼiy ekologik meʼyorlarga amal qiladigan, chiqindi gazlarni ushlab qoladigan, oqova suvlarni tozalaydigan va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan.

Zavod tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Sirgʻali” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti orqali xorij bozorlariga yoʻnaltiriladi.

Bojxona posti xodimlari eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda korxona vakillariga amaliy yordam berib kelishmoqda.

Maʼlumot oʻrnida, zavodda oʻrnatilgan zamonaviy texnologik asbob-uskunalar yordamida joriy yilning oʻtgan davrida 3,7 mln.dollarlik 3 ming tonnadan ortiq metallurgiya sanoati mahsulotlari eksport qilindi.

Mazkur koʻrsatkichning asosiy qismi Afgʻoniston, Rosssiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston davlatlari hisobiga toʻgʻri kelmoqda.

Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlar xalqimizning farovon hayot kechirishi, bugungi kunidan rozi boʻlib, ertangi kuniga yanada katta ishonch paydo boʻlishiga xizmat qiladi.

Aziz Mansurov,
“Sirgʻali” TIF bojxona posti xodimi

21.07.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing