Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Korrupsiyaviy holatlarning oldini olishda – shaffoflik va qonuniylikni taʼminlash muhim omil hisoblanadi
739
Mamlakatimizda korrupsiyaviy jinoyatlarni oldini olish, unga qarshi kurashish va chek qoʻyishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

2021-yil 6-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6257-son Farmoni hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”ni PQ-5177-son Qarori qabul qilindi.

Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan viloyat Adliya boshkarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan navbatdagi tadbirda aynan korrupsiyaning salbiy oqibatlari hamda Prezidentimizning korrupsiyaga oid yangi qabul qilingan Farmon va qarori mazmun-mohiyatini yetkazish maqsadida shaxsiy tarkib ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Endilikda mazkur Farmon va qaror bilan korrupsiya holatlarining har qanday koʻrinishiga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish va unga qarshi ayovsiz kurashish barcha darajadagi davlat organlari rahbar va xodimlarining eng ustuvor vazifasi etib belgilandi.

Farmonga muvofiq, “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri” yuritiladi.

Shuningdek, 2022-yil 1-yanvardan boshlab davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va oʻrinbosarlari, ularning turmush oʻrtogʻi va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladi. Unga muvofiq:

– davlat xizmatchisi tomonidan deklaratsiyani taqdim etishdan bosh tortish va qasddan notoʻgʻri maʼlumotlarni kiritish uni davlat xizmatidan chetlashtirishga va qonunda belgilangan javobgarlikka tortishga asos boʻladi;

– 2022-yil 1-yanvardan boshlab davlat xizmatchilariga respublika hududidan tashqarida hisobraqamlar ochish va egalik qilish, naqd pul mablagʻlarini saqlash, koʻchmas va boshqa mol-mulkka ega boʻlish taqiqlanadi (xorijda ishlayotgan davlat xizmatchilari va davlat xizmatiga kirishdan oldin olingan mol-mulk bundan mustasno).

Farmonda tegishli davlat idoralari va vazirliklar tomonidan quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihalarini ishlab chiqish belgilandi:

– davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiyalash;

– davlat xizmatchilarining manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish;

– jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq roʻyxatini belgilash;

– korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish;

– daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash jarayonida aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik oʻrnatish;

– korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy jazoni oʻtashda yengillashtiruvchi normalar qoʻllanilishiga cheklovlar belgilash;

– davlat boshqaruvi organlarining nazorat sohasidagi funksiyalarini maqbullashtirish.

Shuningdek, Qaror bilan, 2021-yil 1-dekabrga qadar daromad va mol-mulk deklaratsiyalari boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirish, ularni qayta ishlash va tekshirishning elektron axborot tizimini yaratish, shuningdek, 2022-yil davomida uni soliq, bojxona, davlat kadastri va boshqa tegishli organlar maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi.

- 2022-yil 1-yanvardan boshlab “halollik vaksinasi” tamoyili asosida davlat xizmatchilarini muntazam ravishda korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar toʻqnashuvi va odob-axloq qoidalari boʻyicha maxsus oʻquv kurslarda oʻqitish tizimini joriy etiladi.

Mazkur farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan davlat dasturi tasdiqlandi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan 6 ta hujjatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi, yana 8 tasi oʻz kuchini yoʻqotdi.

Xulosa oʻrnida, eng avvalo, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni taʼminlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yoʻlga qoʻyish orqali davlat boshqaruvida samarali va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan hisoblanadi.

Bu kabi tadbirlarni oʻtkazishdan maqsad – yangi qonun hujjatlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish bilan birga, yurtimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bu jarayonlarda jamoatchilik ishtirokini kengaytirishda muhim oʻrin egallaydi.

28.07.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing