Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish tartibi
653

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni olib kirish tartibi toʻgʻrisida”gi 801-son Qarori bilan “Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni olib kirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida istalgan maqsadlarda ishlatishga moʻljallangan va yuqori chastotali qurilmalarga Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan berilgan ruxsatnoma mavjud boʻlgan taqdirda “erkin muomalaga chiqarish (import)” hamda “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimlariga rasmiylashtiriladi. Ushbu ruxsatnoma bojxona organiga “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali taqdim etiladi;

Agar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish imkoniyati boʻlmasa, olib kirish uchun ruxsatnoma berish EMMM tomonidan rad etiladi;

Mazkur Nizomning amal qilishi bojxona chegarasidan oʻtkaziladigan barcha REV va YUCHQlarga taalluqli boʻlib, quyidagilar bundan mustasno

1) savdo tarmogʻi orqali sotishga ruxsat berilgan, televideniye va radioeshittirish dasturlarini qabul qilish uchun moʻljallangan qurilmalar,

2) Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi va Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida foydalanish uchun olib kiriladigan REV va YUCHQ

3) Xalqaro elektraloqa ittifoqi tavsiyalariga va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining standartlariga mos keluvchi fuqaro aviatsiyasi korxonalari tomonidan parvozlarni va havodagi koʻchma xizmatni radionavigatsiya bilan taʼminlash maqsadlarida ishlatish uchun moʻljallangan bortdagi va yerdagi REV

4) Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tarzida oʻtkazilayotgan, bojxona nazorati ostida boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan butun vaqt davomida ishlatilmaydigan REV va YUCHQ.

Quyidagi bojxona rejimlariga rasmiylashtirilayotgan REV va YUCHQni bojxona rasmiylashtiruvi uchun EMMMning ruxsati talab qilinmaydi:

“bojxona ombori”;
“erkin ombor”;
“reeksport”;
“yoʻq qilish”
“davlat foydasiga voz kechish” koʻrsatilgan rejimlar ostida joylashtirilgan REV bojxona organlari va EMMM ruxsatisiz foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Rasmiy sport musobaqalarida, shuningdek, koʻrgazma va yarmarkalarda foydalanish uchun chet elga vaqtinchalik olib chiqilgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qaytarib olib kirish, ushbu vositalar va qurilmalarni olib chiqish vaqtida ularni qaytarib olib kirish toʻgʻrisida bojxona organiga berilgan majburiyatlar asosida amalga oshiriladi:

Ushbu Nizom talablari bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish maqsadida “vaqtincha saqlash”, “bojxona ombori”, “erkin ombor”, “reeksport”, “yoʻq qilish” va “davlat foydasiga voz kechish” bojxona rejimlariga rasmiylashtirilgan REV va YUCHQ boʻyicha EMMM va Davlat bojxona qoʻmitasi oʻrtasida elektron maʼlumot almashiladi.

Oʻzkomnazorat REV va YUCHQni chet eldan olib kelish tartibiga rioya etilishi boʻyicha olib borgan tekshiruvlari davomida aniqlangan qoida buzilishlari boʻyicha zarur choralar koʻrish uchun bojxona faoliyatiga oid qonun hujjatlarini buzgan holda olib kirilgan REV va YUCHQ toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Davlat bojxona qoʻmitasiga taqdim etadi.

Bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilgan REV va YUCHQ belgilangan tartibda bojxona organlari tomonidan olib qoʻyiladi.

Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

Valijon Yunusov
“Namangan aeroport” chegara bojxona posti inspektori

29.07.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing