Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Siz Odamsiz, tovar emas!
815
“30-iyul - Xalqaro odam savdosiga qarshi kurashish kuni”ga bagʻishlanadi.

“Odam savdosi” – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud majburlashning boshqa shakllaridan foydalanish, oʻgʻirlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiisteʼmol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun toʻlovlar yoki manfaatdor etish evaziga ogʻdirib olish yoʻli bilan odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning oʻzga shakllarini, majburiy mehnatni yoki xizmatlarni, qullikni yoxud qullikka oʻxshash odatlarni, erksizlik holatini yoxud inson aʼzolarini, toʻqimalarini va (yoki) hujayralarini ajratib olishdir.

Oʻzbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni.

Bugungi kunda asr muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, koʻp va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Achinarlisi, ushbu illatni oldini olishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy targʻibot tadbirlari olib borilishiga qaramay, millionlab insonlar odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga sabab boʻlayotgan omillardan biri fuqarolarning xorijga borish va mehnat qilishning tartib-qoidalari xususida yetarlicha maʼlumotlarga ega boʻlmasligi hamda firibgarlar tuzogʻiga ilinib qolishidadir.

Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida ayollarning Yevropadan Amerika va Shimoliy Afrika qitʼalariga keng koʻlamli migratsiyasi hamda ayollarni Yevropaga sotish hodisasi kuzatilgan. Ayollar savdosini yoʻq qilish maqsadida Parijda 1902 va 1910-yillarda ikkita konferensiya oʻtkazilib, “Oq qullar savdosiga qarshi kurash” nomli butunjahon Konvensiyasi qabul qilindi. Keyinroq ushbu konvensiya “Ayollar va bolalar savdosini yoʻqotish” va “Voyaga yetgan ayollar savdosini yoʻqotish” nomli butunjahon Konvensiyalari bilan toʻldirildi. Bu odam savdosiga qarshi kurashishning ilk qadamlari edi.

Odam savdosi muammosiga qarshi kurashishning keyingi tarixiy jarayonlari yanada rivojlanib, 1948-yilda “Inson huquqlari” umumjahon Deklaratsiyasi qabul qilindi. Shundan soʻng “Inson huquqlarining Yevropa Konvensiyasi”, “Qullik xususida”gi Konvensiya, “Qullikni yoʻqotish amaliyoti toʻgʻrisida”gi qoʻshimcha Konvensiya, “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiya, “Ayollarga qarshi diskriminatsiyaning har qanday koʻrinishlariga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konvensiyalar qabul qilinib, dunyoning koʻplab mamlakatlarida qoʻllanila boshlandi.

Ayni paytda transmilliy uyushgan jinoyatchilikning uzviy tarkibiy qismi boʻlgan bu turdagi jinoyat dunyo miqyosida keng tarqalmoqda. BMT va Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot mutaxassislarining tahliliy xulosalariga koʻra, undan jabr koʻrganlar soni bir necha millionlarni tashkil qilmoqda. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning asosiy qismini ayollar va bolalar tashkil qilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, hozirgi kunda mazkur jinoyat butun dunyo hamjamiyatini havotirga solmoqda.

BMT maʼlumotlariga koʻra, odam savdosi qurbonlarining 71 foizini ayollar va bolalar tashkil etishi yuqorida taʼkidlab oʻtgan xavotir qanchalik oʻrinli ekanligini anglatib turibdi.

2010-yil 30-iyulda BMTning Bosh Assambleyasi 64/293-rezolyutsiyasi bilan odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha BMTning “Global harakat dasturi”ni qabul qildi. Mazkur harakat dasturida ushbu jinoyatning oldini olish, jabrdiydalarning himoyasi, jinoyatchilarni taʼqib etish va barcha yoʻnalishlarda hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻzda tutildi.

2013-yilda esa 30-iyuldagi mazkur rezolyutsiya tasdiqlangan sana munosabati bilan BMT tomonidan “30-iyul - Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni” deb eʼlon qilindi.

Qayd etish lozimki, Respublikamizda ham odam savdosini oldini olish va unga qarshi kurashish borasida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Oʻzbekiston 2003-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950-yilda qabul qilingan “Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konvensiyaga qoʻshildi hamda 2020-yil 17-avgustda “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunining yangi tahrirda qabul qilinganligi shular jumlasidandir.

Mazkur Qonunga muvofiq “Odam savdosi” tushunchasiga yuqorida toʻxtalib oʻtgan boʻlsakda, yangi taxrirdagi qonun bilan tanishar ekanmiz yana yangi tushunchalarga xam duch kelamiz. Jumladan:

voyaga yetmagan shaxs savdosi - “odam savdosi” degan tushunchada koʻrsatilgan taʼsir oʻtkazish vositalaridan foydalanilgan-foydalanilmaganligidan qatʼi nazar, har qanday harakat yoki bitim boʻlib, ular vositasida voyaga yetmagan shaxs ota-onasi, boshqa qonuniy vakili yoki oʻzga shaxs tomonidan qonunga xilof ravishda undan foydalanish maqsadida yoxud moddiy yoki boshqa naf olish maqsadida boshqa shaxsga haq evaziga beriladi;

majburlash - majburlanayotgan shaxsni uning irodasiga qarshi yoki irodasini chetlab oʻtib, biror-bir harakatni amalga oshirishga yoki biror-bir harakatni bajarishni majburlovchi shaxsning yoki boshqa shaxslarning foydasi uchun rad etishga undash maqsadidagi jismoniy, ruhiy, jinsiy va iqtisodiy zoʻravonlik yoki ularni qoʻllash tahdidi;

odam savdosidan jabrlangan shaxs - odam savdosidan, bunday harakatga rozilik berganligi-bermaganligidan va jinoyat protsessida ishtirok etganligi-etmaganligidan qatʼi nazar, jabrlangan jismoniy shaxs;

odam savdosiga qarshi kurashish - odam savdosining oldini olishga, uni aniqlashga, unga chek qoʻyishga, uning oqibatlarini kamaytirishga, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatishga doir faoliyatdir.

Aytish lozimki, odam savdosi transmilliy jinoyatiga qarshi kurashish borasida uning kelib chiqish sabablarini oʻrganish, shuningdek jinoyatni sodir etishini oldini olish fikrimizcha eng samarali usuldir.

Bu borada bojxona xizmati organlarida ham, jumladan Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan profilaktik nuqtai nazardan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, yaʼni Boshqarmaning “Doʻstlik” va “Madaniyat” chegara bojxona postlarida odam savdosi, shuningdek, chaqaloq savdosi jinoyatining ogʻir oqibatlari, ishlash yoki boshqa maqsadida chet davlatlarga harakatlanayotgan fuqarolarni odam savdosi qurboniga aylanib qolishi ehtimolidan ogohlantiruvchi 20 dan ortiq flayerlar va bannerlar fuqarolar uchun koʻrinarli joylarga oʻrnatilgan boʻlib, monitor orqli odam savdosi jinoyatining salbiy oqibatlarini oʻzida aks ettirgan 10 dan ortiq videroliklar doimiy ravishda namoyish qilib kelinmoqda.

Chegara bojxona posti orqali harakatlanayotgan fuqarolar bilan doimiy ravishda odam savdosi, shuningdek, chaqaloq savdosi jinoyatining ogʻir oqibatlari, ishlash yoki boshqa maqsadida chet davlatlarga harakatlanayotgan fuqarolarni odam savdosi qurboniga aylanib qolmasliklarini oldini olishga qaratilgan profilaktik suhbatlar oʻtkazilib kelinmoqda. Oʻylaymizki, bunday profilaktik tadbirlarning amalga oshirilishi asr muammosi hisoblanmish odam savdosi jinoyatini keskin kamayishiga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, odam savdosining har qanday koʻrinishiga qarshi kurashish xalqaro va mintaqaviy darajada jiddiy yondashuv va oʻzaro hamkorlikka asoslansagina, shuningdek nafaqat huquqni muxofaza qiluvchi organlar tomonidan kurashilsa, balki fuqarolar tomonidan ham bu illatga qarshi murosasiz muhit yaratilsa yaxshi samara berishi mumkin.

Zero, odam savdosi, uning insoniy huquq va erkinliklarini gʻayriqonuniy va gʻayri axloqiy ravishda aynan inson tomonidan kamsitilishi, yoʻqqa chiqarilishi – kechirib boʻlmas jinoyatdir!

Azamatjon Oʻrinboyev,
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi
Axborot xizmati bosh inspektori

30.07.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing