Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Bojxona auditi: Halol tadbirkorga ragʻbat
518
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona maʼmuriyatchiligini isloh etish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2020-yil 5-iyundagi PF–6005-son Farmoni asosida Oʻzbekiston Respublikasi bojxona maʼmuriyatchiligida bojxona auditi tizimi joriy qilindi.


Shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi 2020-yil 21-dekabrda Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va uygʻunlashtirish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyaga (keyingi oʻrinlarda Kioto konvensiyasi) qoʻshilgan boʻlib, har bir aʼzo boʻlgan davlat oʻz milliy qonunchiligidagi normalarni Kioto konvensiyasidagi standartlarga muvofiqlashtirishi lozim.

Kioto konvensiyasi bosh ilovasining 6.6-standartida audit usullariga asoslangan nazorat bojxona nazorati tizimi ekanligi belgilangan.

Shuningdek, Kioto konvensiyasining 2-bobida (E3./F4.) “audit usullariga asoslangan nazorat” bu manfaatdor shaxslarning tegishli hisob kitoblari, hujjatlari, biznes tizimlari va tijorat maʼlumotlarini tekshirish orqali deklaratsiyalarning toʻgʻri toʻldirilganligiga va ularda koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini taʼminlashga imkon beradigan choralardan iborat ekanligi koʻrsatilgan.

Shularga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdosini rivojlantirish, tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida sarflanayotgan vaqt va xarajatlarni qisqartirish, halol tashqi iqtisodiy faoliyat (keyingi oʻrinlarda TIF) ishtirokchilarini ragʻbatlantirish hamda xalqaro sharnomalar qoidalari va standarlarini milliy bojxona tartibotlariga implementatsiya qilish kabi ustuvor maqsadlarga erishish uchun bojxona auditi tizimi joriy etilmoqda.

Joriy yil 25-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bojxona auditini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 101-son qarori qabul qilinib, 2021-yil 1-maydan kuchga kirishi belgilandi va quyidagilar joriy qilindi:

bojxona auditini oʻtkazish tartibi;
bojxona auditi tamoyillari, bojxona auditidan oʻtkaziladigan shaxslarni tanlash usullari va mexanizmi;
bojxona auditidan oʻtkazilashidan avval TIF ishtirokchisini xabardor qilish tartibi;
TIF ishtirokchisi oʻzini mustaqil ravishda ichki buxgalterlik yoki auditorlik tekshiruvini oʻtkazish huquqi;
bojxona auditi natijalari boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish va boshqalar.
Bojxona auditini amalga oshirishda axborot texnologiyalarni keng joriy qilish maqsadida “Bojxona auditi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.

“Bojxona auditi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali TIF ishtirokchilari faoliyatini baholash maqsadida ularni inson omilisiz avtomatlashtirilgan tarzda tanlab olish va bojxona auditiga oid barcha hujjatlar elektron shaklda rasmiylashtirish, mazkur hujjatlarni
TIF ishtirokchilarining shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuborish imkoniyatlari yaratildi.

Bojxona auditidan oʻtkazish uchun deklarant, importchi, yukni qabul qiluvchi, tovarlarga nisbatan moliyaviy tartibga solish uchun javobgar shaxslar, tashuvchi, bojxona ombori, boj olinmaydigan savdo doʻkoni va erkin ombor egalari hamda qonunchilik hujjatlarida koʻrsatilgan boshqa shaxslar “Bojxona auditi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali inson omilisiz tanlab olinadi.

“Bojxona auditi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali bojxona auditi uchun tanlangan shaxlarga nisbatan kameral va sayyor shaklda bojxona auditi oʻtkaziladi.

Kameral bojxona auditida bojxona organlari tomonidan bojxona auditini bojxona auditidan oʻtkaziladigan shaxsning ish joyi va (yoki) oʻz faoliyatini amalga oshiradigan hududga bormagan holda masofaviy oʻtkaziladi.

Sayyor bojxona auditida bojxona organlari tomonidan bojxona auditini bojxona auditidan oʻtkaziladigan shaxsning ish joyi va (yoki) oʻz faoliyatini amalga oshiradigan hududda yoxud tovarlar joylashgan joyda oʻtkaziladi.

Bojxona auditidan oʻtkaziladigan shaxslarga nisbatan sayyor bojxona auditi oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi bojxona organi qaroridan xabardor boʻlish, u toʻgʻrisidagi qaror bilan tanishish va nusxa olish, oʻtkazilgan bojxona auditi natijalari yuzasidan shikoyat qilish, bojxona auditi oʻtkazish boshlanguniga qadar mustaqil ravishda ichki buxgalterlik yoki auditorlik tekshiruvini oʻtkazish kabi huquqlar berilgan.

Bojxona auditini institutining joriy etilishi orqali quyidagi natijalarga erishiladi:

bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi bilan bogʻliq tartib-qoidalar boʻyicha ichki normativ-huquqiy hujjatlar shartlari xalqaro shartnoma qoidalari va standartlaridagi talablarga uygʻunlashadi;

xavfni boshqarish sohasidagi bojxona organlari faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi;

halol tashqi savdo subyektlariga nisbatan yanada soddalashtirilgan bojxona tartibotlarini samarali qoʻllash orqali tovarlar bojxona nazoratidan oʻtkazish vaqti va xarajatlarining qisqarishi imkonini beradi;

tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi tezlashi va sarflanayotgan xarajatlar qisqarishi natijasida mamlakat tashqi savdosi rivojlanadi;

TIF ishtirokchilari tomonidan yoʻl qoʻyilgan xatoliklarni oʻzlari mustaqil aniqlashga olib kelib, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligiga xizmat qiladi.

X.Boybekov
Kontrabandaga qarshi kurashish
va bojxona auditi bosh boshqarmasi,
Bojxona auditi boshqarmasi bosh inspektori

3.08.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing