Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Keng jamoatchilik bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashilmoqda
679
Mamlakatimiz mustaqillikni qoʻlga kiritganiga ham 30 yil toʻldi. Shu oʻtgan davrda korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashishda koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Xalqimizda poraxoʻrlik deb ataluvchi illat haqida toʻxtalsak, bu aslida korrupsiyaga oid jinoyat boʻlib, hokimiyat va boshqaruv asoslarini yemiradigan, uning aholi oldidagi obroʻsiga putur yetkazadigan, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga daxl qiladigan xavfli jinoiy hodisalardan biridir.
Shuningdek, hozirgi zamon milliy va xalqaro huquqida ham tobora koʻp qoʻllanilayotgan atamalardan biri bu korrupsiyadir.
Oddiy tilda aytganda, korrupsiya bu shaxsiy naf koʻrish maqsadida davlat hokimiyatini suisteʼmol qilish hisoblanadi.
Korrupsiya fuqaroning davlat vakili bilan maʼmuriy munosabatlari maʼno-mohiyatini oʻzgartiradi va jamiyat uchun ham, davlat uchun ham salbiy oqibatlarga sabab boʻladi.
Ushbu jinoyatga “Jinoyatning yopiq va eng qabih turi bor. Bu korrupsiya va poraxoʻrlik, jinoyatning bu turi boshqaruv apparatini izdan chiqaribgina qolmay, bozor asoslarini ham barbod etishi mumkin. Korrupsiya, eng avvalo, uyushgan jinoiy tuzilmalarga madadkor boʻlish yoki toʻgʻridan-toʻgʻri yordam berish uchun davlat xizmatining imkoniyatlaridan foydalanishidir” deb bejiz taʼrif berilmagan.
Eng achinarlisi, bugungi kunda loqaydlik, befarqlik, ikkiyuzlamachilik, tovlamachilik, firibgarlik, urugʻ-aymoqchilik, tanish-bilishchilik kabi illatlar hali-xanuz uchrayotganligi koʻngilni xira qilmoqda.
Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi rahbariyati va Korrupsiyaga qarshi kurashish va oʻz xavfsizlik boʻlimi tomonidan boshqarma va bojxona postlarida xizmat olib borayotgan xodimlar oʻrtasida korrupsiya holatlariga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan muntazam ravishda chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, xodimlar, ularning ota-onalari va yaqin qarindoshlari, bojxona sohasi bilan aloqador tadbirkorlar bilan uchrashuv va profilaktik suhbatlar olib borilmoqda.
Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi masʼullari korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan keng jamoatchilik bilan hamkorlik uchun Davlat bojxona qoʻmitasining qisqa “11-08” hamda boshqarmada tashkil qilingan (75) 221-04-80 ishonch telefon raqami doimiy faoliyat koʻrsatayotganligini eslatib oʻtadi.

9.09.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing