Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Korrupsiya – kelajakka tahdid
11911
Korrupsiya oddiy xalq vakillarining yuqori amaldorlarga yoxud davlat amaldorlarining oʻzaro bir-birlariga boʻlgan munosabatidan kelib chiqadi. Bu salbiy holatning har qanday koʻrinishi jamiyatni halokat yoqasiga olib borishi muqarrardir.
Korrupsiya – kelajakka tahdid

Korrupsiya (lot. Corruptio — buzish, sotib olish) termini odatda mansabdor shaxslar tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan oʻzlarining shaxsiy manfaatlarini koʻzlab qonunchilik va qonun-qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.
Korrupsiya balosi dunyoning istalgan joyida avj olgan eng katta muammolardan biridir. Korrupsiya - iqlim oʻzgarishi, qashshoqlik, ochlik, ishsizlik va oziq-ovqat, yoqilgʻi narxlarining koʻtarilishi kabi dunyo muammolarini ortda qoldirib, hammaning dardiga aylangan.
Hozirgi rivojlanish davrida, mintaqalar va davlatlararo hamkorlik tezlashib borayotgan murakkab bir sharoitda korrupsiya barcha mamlakatlarda ham qator muammolarni keltirib chiqarib, jamiyatni ich-ichidan yemirib, parokanda qilib tashlash xavfini solmoqda. Shuningdek, bugun kattami-kichikmi, boymi-kambagʻalmi, bironta davlatni korrupsiyadan xoli hudud, deb aytolmaymiz. BMT va Xalqaro valyuta jamgʻarmasining maʼlumotlariga koʻra, jahon iqtisodiyoti korrupsiya tufayli yiliga 2-3 trillion dollargacha zarar koʻrmoqda.
Shu sababdan, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda. Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi, shuningdek Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika komissiyasining tashkil etilishi, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Davlat dasturining tasdiqlanishi yurtimizda korrupsiya bilan bogʻliq huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlardan boʻldi.
Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi rahbariyati tomonidan boshqarma va bojxona postlarida xizmat olib borayotgan xodimlar bilan uzluksiz ravishda xizmat vakolatini suistemol qilmaslik, millat va oilani birinchi oʻringa quyishlik, sadoqat va yigitlik burchi toʻgʻrisida ham yakka tartibda, ham jamoaviy tarzda yigʻilishlar muntazam ravishda tashkil etib borilmoqda.
Korrupsiyaning har qanday koʻrinishlariga qarshi kurashishni biz, eng avvalo, oʻzimizdan boshlashimiz darkor. Buning uchun esa shaxsning huquqiy ong va huquqiy madaniyati yetarli darajada shakllangan boʻlishi kerak.
Shu oʻrinda eslatib oʻtamiz, agar sizda bojxona sohasiga doir korrupsiya holatlari haqida maʼlumotlar boʻlsa, Davlat bojxona qoʻmitasining uzluksiz faoliyat koʻrsatuvchi qisqa 11-08 raqamli “Ishonch telefoni”ga yoki Navoiy viloyati bojxona boshqarmasining (79) 223-08-65 raqamlariga qoʻngʻiroq qilib, bu haqida xabar berishingiz mumkin.
Korrupsiya holatlari haqida xabar bergan fuqarolarning shaxsi haqidagi maʼlumotlar sir saqlanishini eslatib oʻtamiz.

10.09.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing