Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Tadbirkorlik subyektlari doimo eʼtiborda
850
Bugun shiddat bilan amalga oshirilayotgan jahon hamjamiyatiga integratsiya jarayonida mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasini oshirish, davlat byudjetini toʻldirib, yurtimiz eksport salohiyatini yuksaltirish juda katta ahamiyat kasb etadi.

Ushbu pirovard vazifalarning bajarilishida katta shijoat va masʼuliyat talab etilishini chuqur anglagan holda, davlat bojxona xizmati organlari xodimlari ham yurtimiz sarhadlari va ichki hududlarda mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash yoʻlida sidqidildan xizmat qilishmoqda.
Birgina Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi misolida qarasak, joriy yilning birinchi yarmi davomida davlat byudjetiga bojxona toʻlovlaridan 203 milliard 373 million soʻm miqdoridagi pul mablagʻi oʻtkazilgan boʻlib, bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 39,4 foizga oshgan.
Hududning tashqi savdo aylanmasi hisobot davrida 426,9 mln. AQSH dollarini tashkil etib, 2020-yilning shu davriga nisbatan 35,2 foizga koʻpaygan.
Bugun respublikamizda eksportni ragʻbatlantirish, importni optimallashtirish borasida amalga oshirilayotgan oqilona siyosat natijasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi orqali tashqi va ichki bozorlarga yoʻnaltirilgan jami tovarlarning 69,8 foizi eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan boʻlsa, 30,2 foiz mahsulotlar mamlakatimiz hududida erkin muomalaga chiqarilgan.
Ushbu davr mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasi tomonidan asosan plastmassadan yasalgan buyumlar (polietilen), ip-kalava, farmatsevtika, tirik hayvonlar va ularning qismlari, kimyo-sanoati mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari asosan Turkiya, Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Latviya, Ukraina va Qirgʻiziston bozorlariga yoʻnaltirilgan.
Import tovarlarning asosiy boʻlagi Rossiya, Xitoy, Qozogʻiston, Koreya, Turkiya, Shvetsiya, Germaniya, Niderlandiya davlatlaridan olib kelingan dastgoh va asbob-uskunalar, kimyo-sanoati, yogʻoch va taxta mahsulotlari, oziq-ovqat, neft va neft mahsulotlari hamda metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar hissasiga toʻgʻri keladi.

Bugun mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning oʻz faoliyatlarini yanada kengaytirishlari uchun sharoit yaratish maqsadida imtiyozlar taqdim etish uslubi joriy etilgan. Bu esa oʻz oʻrnida tadbirkorlik subyektlarining bojxona toʻlovlaridan tejalgan mablagʻlarini mahsulot ishlab chiqarish hajmi va sifatini oshirib, yangi ish oʻrinlari yaratilishiga zamin yaratmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan tegishli qonunchilik hujjatlari talablari asosida tadbirkorlik subyektlariga joriy yil boshidan bojxona toʻlovlaridan 135,7 mlrd. soʻm miqdorida imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilgan.
Xavfni boshqarish tizimi asosida boshqarmaga qarashli tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari tomonidan yanvar-avgust oylari davomida jami 14 078 ta bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirilgan boʻlib, yoʻlaklar boʻyicha tahlil qilinganda, 9 186 ta (65,3%) “yashil”, 3 691 ta (26,2%) - “sariq” va 1 201 ta (8,5%) “qizil” yoʻlak orqali rasmiylashtirilgan.
Bojxonachilarimiz tomonidan 2021-yilning yanvar-avgust oylari davomida bojxona sohasiga oid qonun hujjatlarining buzilishi bilan bogʻliq 245 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, qiymati 3,36 mlrd. soʻmlik tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil tariqasida ushlab qolindi. Shundan, jami 7 ta holatda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Kontrabanda ashyolarining noqonuniy harakatining oldini olish borasida giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq 9 ta holatda 102,35 gr opiy, 53,41 gr “gashish”, 5,2 gr “marixuanna”, 0,04 gr “geroin”, 1 tup “kannabis”, 1,83 gr giyohvandlik oʻsimligi urugʻi va 999 tabletka “Tramadol” nomli giyohvandlik vositasi, kuchli taʼsir qiluvchi vositalardan 221 flakon “Tropikamid” va 314 kapsula “Regapen” dori vositalari aniqlandi.
Qurol yaroq, oʻq-dori va portlovchi moddalardan 6 dona oʻq-dori, 2418 dona gilza va 1,15 kg. drob mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi
Axborot xizmati

11.09.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing