Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida “Ready4Trade Central Asia” loyihasi doirasida seminar treninglar boʼlib oʼtdi
177
Аvval aytib oʼtganimizdek, hozirgi kunda xalqaro savdo markazi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo mamlakatlarida mintaqalararo va xalqaro savdoni rivojlantirishni qoʼllab-quvvatlash loyihasi doirasida ish olib borilmoqda.

Mazkur loyihaning maqsadi Markaziy Osiyoda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznes imkoniyatlarini kengaytirish va transchegaraviy elektron tijorat orqali ichki va xalqaro miqyosda savdoni rivojlantirish hisoblanadi.

Oʼtkazilayotgan seminar-treninglarning navbatdagi manzili – Buxoro viloyati boʼldi.

2021 yilning 28 sentyabrь kuni Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida oʼz ishini boshlagan seminar-trening “Xotin-qizlarning huquq va manfaatlari oliy qadriyat” mavzusi ostida boʼlib oʼtdi.

Tadbirni Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshligʼi B.Qutlimuratov ochib berdi.

Shundan soʼng soʼz navbati Buxoro viloyati xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʼyicha maslahat kengashi raisi Z.Tuyevaga berildi. Z.Tuyeva oʼz maʼruzasida savdoda ayollarning ishtiroki muhim makroiqtisodiy foyda keltirishi, vaqt manbai tadbirkor ayollar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligi, gender tenglikni targʼib qilish qashshoqlikni kamaytirishdan salomatlikni mustaxkamlash, taʼlimni yaxshilash, erkaklar va ayollar, qizlar va oʼgʼil bolalarning himoyasi va farovonligini taʼminlashga qadar jamiyatning barcha sohalari uchun juda muhimligi borasida tushuncha berdi.

Tadbir davomida, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshligʼining 1-oʼrinbosari S.Аvezov, soʼnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash, ularning davlat va jamiyat qurilishi va boshqaruvidagi rolini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotganligi bois ularning jamiyatda tutgan oʼrni ham mustahkamlanib borayotganligini taʼkidlab, seminarga tashrif buyurgan ekspertlarga va tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirdi.

Soʼz navbati “Tadbirkor ayol” Oʼzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining Buxoro viloyati boʼlimi Raisi D.Аhmedovaga berildi.

"Tadbirkor ayol" Oʼzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Buxoro viloyati boʼlimi Raisi oʼrinbosari M.Sodiqova soʼzga chiqib, bugungi kunda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish yoʼnalishida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi, sohadagi islohotlar mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi oʼrniga ijobiy taʼsir koʼrsatayotganligi, xususan, Jahon bankining Аyollar, biznes va qonun indeksida Oʼzbekiston 2020 yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik boʼyicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 davlat qatoriga kirganligi haqida soʼzlab berdi.

Bojxona organlari Xotin qizlar qoʼmitasi raisi U.Pirmuhammedova “Ready4Trade Central Asia” loyihasi doirasida “Gender muammolarini inobatga olgan holda xalqaro savdo-sotiq tartibotlarini soddalashtirish” mavzusida ishtirokchilarga axborot berib oʼtdi.

Shu bilan bir qatorda, seminar davomida maʼruzachilar tomonidan ayol xodimlarga mazkur loyihaning mazmun-mohiyati, gender tengligi nima ekanligi va jamiyat uchun qanchalik muhimligi, gender omillarining savdo bilan bogʼliqligi, transchegaraviy savdoda ayollar duch keladigan muammolar, ayollarning savdodagi ishtirokini qoʼllab-quvvatlash uchun savdoni soddalashtirish jarayonlari boʼyicha batafsil maʼlumotlar berildi.

Shuningdek, trening davomida savdoda ayollarning ishtiroki muhim makroiqtisodiy foyda keltirishi, gender tenglikni targʼib qilish jamiyatning barcha sohalari uchun juda muhimligi, savdo bilan shugʼullanadigan ayollarga tadbirkorlikni yuritishda yordam beradigan tegishli choralar koʼrilsa, gender tengligini taʼminlashda kuchli katalizator boʼlishi mumkinligi taʼkidlandi.

Trening soʼngida ishtirokchilar tomonidan berilgan qiziqarli savollarga ekspertlar tomonidan batafsil javoblar berildi.

28.09.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing