Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Davlat bojxna xizmati organlarida tashkil etilgan maslahat kengashi faoliyati oʻrganildi
319
Ayni shu kunlarda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasida doimiy asosda ishlovchi senatorlar boshchiligidagi ishchi guruh vazirlik va idoralarda tashkil etilgan maslahat kengashlari faoliyatini oʻrganmoqda.

Hozirda 3 ta kichik guruhga ajratilgan Ishchi guruh vakillari 18 ta yoʻnalishdan iborat tahliliy savolnoma asosida oʻrganishlar olib bormoqda.

Jumladan Oʻzbekistonda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti direktori oʻrinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Oynisa Musurmanova boshchiligidagi ishchi guruh aʼzolari Davlat bojxona qoʻmitasiga ham tashrif buyurib qoʻmita faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Hususan, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha Maslahat kengashlari faoliyati qay darajada tashkil etilganligi, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarning taʼminlanishiga masʼul vakolatli shaxslar olib borayotgan ishlar qay darajada yoʻlga qoʻyilganligi oʻrganildi. Gender masalasida toʻplangan dastlabki tajribalar, ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni takomillashtirishga oid takliflar koʻrib chiqildi.

Bundan tashqari Maslahat kengashi xodimlari bilan suhbatlar tashkil etilib, davlat bojxona xizmati organlarida xotin-qizlarga yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar oʻrganildi.

Xabaringiz bor, joriy yilning 17-fevral kuni Prezidentimiz huzurida bojxona maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish va sohani korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish boʻyicha ustuvor vazifalarga qaratilgan videoselektor yigʻilishida ham bojxona organlariga qator vazifa va topshiriqlar yuklatildi. Yigʻilish davomida davlatimiz rahbari tomonidan bojxona tizimida ayollarning ulushi bor yoʻgʻi 8 % ni tashkil etayotganligi qayd etildi va yaqin 2 yil ichida ushbu koʻrsatkichni kamida 2 barobarga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Davlat bojxona qoʻmitasi Raisi oʻrinbosari Otabek Choriyev ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan tizimda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar yuzasidan batafsil maʼlumot berdi.

Shuningdek, Davlat bojxona qoʻmitasi Markaziy apparati Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha Maslahat kengashi aʼzosi Umida Pirmuxamedova, tizimda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini taʼminlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek turli tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganligini taʼkidladi.

Videokonferensiya tarzida oʻtkazilgan yigʻilish davomida hududiy bojxona boshqarmasi xodimlariga ham soʻz berilib, u yerda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar taʼminlanganligi yuzasidan suhbat oʻtkazildi.

Yigʻilishda ishtirok etgan DBQ Kadrlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Oybek Achilov, hozirgi kunda xotin-qizlarni ishga qabul qilish holati, rahbar ayollar zahirasini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar, ularning kasbiy tayyorgarligini oshirish boʻyicha tashkil etilayotgan oʻqishlar va ayollarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirdi.

Yigʻilish soʻngida O.Musurmonova davlat bojxona xizmati organlarida gender tenglik masalalariga koʻrsatilayotgan eʼtiborni, yaratilayotgan sharoitlarni mamnuniyat bilan qayd etib, tizimda xizmat olib borayotgan ayollarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash boʻyicha “Rahbar ayollarning kompetensiyalari” mavzusida seminar-trening oʻtishga tayyor ekanligini bildirdi.

Oʻrganishlar davomida ishchi guruh vakillari DBQ Markaziy apparati va uning xududiy boshqarmalarida xotin-qizlarga yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, sport zallari, axborot-resurs markazlari, elektron tir, “Bojxona tarixi” muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Maʼlumot oʻrnida shuni aytib oʻtish kerakki, vazirlik idoralardagi maslahat kengashlari Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq tashkil etilgan.

Ayni vaqtda ishchi guruhlarning oʻrganishlari davom etmoqda. Ushbu oʻrganishlar 30-may kuniga qadar davom etadi.

21.05.2022

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing