“O‘zcharmsanoat” uyushma tarkibidagi korxonalar rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Улашинг

03-04-2025

Bojxona qo‘mitasining Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i I.Pardayev hamda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati bilan hamkorlikda mazkur uyushma tarkibidagi korxonalar rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda 100 dan ortiq korxona vakillari va bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislari qatnashib, ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14 martdagi “Mahsulotlarni eksport qilish tartib-taomillarini takomillashtirish va qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-47-son Farmoni bilan 2025-yil 1 iyuldan boshlab teri mahsulotlarini eksport qilishda kiritilayotgan o‘zgartirishlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25 martdagi “Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-57-son qarori bilan mahalliy korxonalarga berilgan qulayliklar yuzasidan atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, tadbirda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11 fevraldagi “Bojxona ma’muriyatchiligi tartib-taomillarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 77-son qaroriga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Mazkur qaror bilan tashqi savdo shartnomalari soni 22 tadan 6 taga qisqartirilib, tashqi savdo ishtirokchilari uchun bitta shartnoma doirasida turli bojxona rejimlaridan foydalanish imkoni yaratildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22 yanvardagi “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-20-son qarori bilan, bojxona hududida qayta ishlash rejimida tayyorlangan mahsulotlarni keyingi ishlab chiqaruvchilar tomonidan sanoat kooperatsiyasi tartibida qayta ishlash uchun bojxona hududida qayta ishlash rejimiga joylashtirishga ruxsat beriladi.

Uchrashuv davomida muvofiqlik sertifikatini olish bilan bog‘liq yengilliklar yetkazildi hamda tadbirkorlarning bojxona tizimiga oid muammo va takliflari o‘rganildi.